Sport

JCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?

Published

on


Ispaniya turnir g‘olibligi uchun favorit, ammo Belgiya o‘yindan o‘yinga kuchaymoqda.

Bugun tunda Ispaniya va Belgiya o‘rtasidagi uchrashuv bilan jahon chempionatida chorakfinal bosqichi davom ettiriladi. Ushbu jamoalar katta turnirlarda tez-tez to‘qnash kelishadi va bu borada ustunlik Pireney yarimoroli vakillarida.

Lekin Belgiya AQShga qarshi o‘yini bilan o‘zini hisobdan chiqarishga hali erta ekanini namoyish etib qo‘ydi.

Ushbu bahs g‘olibi yarimfinalda Fransiyaga qarshi o‘ynaydi.

Ispaniya – Belgiya

11 iyulga o‘tar kechasi, 00:00. SoFi Stadium (Los-Anjyeles)

Jamoalarning turnirdagi yo‘li

Luis de la Fuente shogirdlari turnir startida kutilmaganda Kabo-Verde bilan o‘yinda ochko yo‘qotgandi, ammo keyingi raqiblarning barchasi mag‘lub etildi: guruhda Saudiya Arabistoni (4:0) va Urugvay (1:0), pley-offda – Avstriya (3:0) va Portugaliya (1:0).

Pireney yarimorolidagi qo‘shnilari bilan o‘yinni zaxiradan tushgan futbolchilar hal qilishdi: 91-daqiqada Ferran Torres Mikel Merinoni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, «Arsenal» yarimhimoyachisi o‘z imkoniyatidan foydalandi.

«Qizil furiya» 2010 yildan buyon ilk bor JCh chorakfinaliga chiqdi va qatorasiga olti o‘yinda gol o‘tkazmagan ilk jamoa sifatida turnir tarixiga kirdi – bu seriya 2022 yilgi mundial nimchorakfinalida Marokashga qarshi o‘yindagi golsiz durang (o‘shanda penaltilar seriyasida Afrika vakillari ustun kelishgan) bilan boshlangandi.

Ispanlar darvozaboni Unai Simon esa jahon chempionatida 609 daqiqadan buyon darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan darvozabon sifatida yangi rekord o‘rnatdi, bungacha eng yaxshi natija 1990 yilgi turnirda 517 daqiqa mobaynida gol o‘tkazmagan italiyalik Valter Dzengaga tegishli bo‘lib turgandi.

Belgiya esa 1/4 finalgacha yo‘lda katta qiyinchiliklarga uchradi: Rudi Garsiya shogirdlari guruh bosqichidagi birinchi o‘yinda Eron darvozasini ishg‘ol eta olmadi (0:0), Misr bilan ham ochkolarni bo‘lishib oldi (1:1), uchinchi turda esa bor alamini Yangi Zelandiyadan oldi (5:1), 1/16 finalda Senegalga qarshi o‘yinda aql bovar qilmas kambek amalga oshirishga to‘g‘ri keldi – jamoa so‘nggi daqiqalarda 0:2 hisobidan chiqib ketib, o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi va u yerda g‘alaba golini urdi (3:2). 1/8 finalda AQShga kechgan mojaroli o‘yinda esa yirik hisobda g‘alaba qozondi (4:1).

Mezbonlarga qarshi o‘yinda Sharl de Ketelare dubl qayd etdi, bundan tashqari, yana bir golga hammualliflik qildi, Hans Vanaken gol+pas bo‘yicha 1+1 ko‘rsatkichini qayd etdi, Romelu Lukaku yana zaxiradan tushib, gol urdi, turnirni juda kuchli o‘tkazayotgan Leandro Trossar esa navbatdagi assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

«Qizil iblislar» uchun bu 2018 yilgi mundialdan buyon ilk chorakfinal hisoblanadi. Jamoa so‘nggi to‘rt mundialda faqat bir marta bu bosqichga yetib kela olmagan, 2022 yilgi jahon chempionatida guruhda qolib ketgandi.

O‘zaro uchrashuvlar statistikasi

Ushbu jamoalar o‘z tarixida uchinchi marta jahon chempionatlarida to‘qnashmoqda. 1986 yilda «qizil iblislar» pireneyliklarni chorakfinalda qoldirib ketgandi: o‘shanda o‘yinning asosiy vaqtida kuchlar teng kelgan (1:1), ammo Belgiya penaltilar seriyasini o‘z foydasiga hal qilgan (5:4). Ispaniya to‘rt yil o‘tib revansh oladi – guruh bosqichining uchinchi turida g‘alaba qozonadi (2:1).

Boshqa to‘qqizta rasmiy o‘yinda «Qizil furiya» besh bor g‘alaba qozongan, faqat ikki marta yutqazgan – Yevro-1980 guruh bosqichida (1:2) va JCh-1970 saralashida (1:2), ikki uchrashuvda durang qayd etilgan.

Ushbu jamoalar shu vaqtgacha 11 marta o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushgan. Bu borada ham ustunlik ispanlarda – olti g‘alaba, ikki mag‘lubiyat, uch durang. So‘nggi g‘alaba 2016 yil sentabriga to‘g‘ri keladi, o‘shanda David Silva ikkita javobsiz gol urgandi.

Belgiya bu safar nima tayyorlagan?

Amaldagi Yevropa chempionlari hisoblangan Ispaniya JCh startidan oldin ham turnir g‘olibligi uchun asosiy favoritlardan biri sifatida ko‘rilayotgandi, hozir ham Fransiyadan keyingi ikkinchi asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Luis de la Fuente shogirdlari o‘yinlarning borishini ishonch bilan nazorat qilmoqda va turli darajadagi raqiblarni bir xilda ishonch bilan mag‘lub etmoqda. Va jamoa ushbu juftlikda ham yaqqol favorit hisoblangan bo‘lardi, ammo Belgiya birdan kuchli o‘ynay boshladi.

Turnir startida ushbu jamoaga ko‘p savollar tug‘ilgandi, ulardan asosiysi shunday edi: eski gvardiya hali ham biror narsaga qodirmi? Va AQSh bilan o‘yin bu savolga javob berdi: gap umuman tarkibda emas. Balki Belgiyada ko‘p yillardan buyon ilk marta yetakchilarga bog‘liq bo‘lmagan holda sifatli o‘yin tuzilmasi yuzaga kelgan. Rudi Garsiya De Breyne, Lukaku va Dokuni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi va belgiyaliklar o‘yindan oldin teng raqib sifatida ko‘rilgan AQShni osonlik bilan tor-mor etdi.

Belgiya endi to‘psiz ham yaxshi harakatlanuvchi, hujumga tez chiquvchi jamoaga aylanganini namoyish etdi, forvard pozitsiyasiga o‘tkazilgan Sharl de Ketelare dublni rasmiylashtirdi. Garsiya amalda jamoadagi oldingi iyerarxiyadan voz kechgan va muayyan o‘yinga mos keladigan futbolchilarga ishonch bildirmoqda. Shunday ekan, Kevin De Bryuyne, Lukaku va Doku Ispaniyaga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi aniq emas. Shu bilan birga, «qizil furiya» bilan qiyinroq bo‘lishi aniq – bu to‘pga egalikni tezda o‘ziga qaytaradigan va qanotlarni ishonchli himoyalaydigan jamoadir.

1/8 finalda Portugaliya bilan o‘yinda Ispaniya hech qayerga shoshilmadi va o‘yinning so‘nggi qismida zaxira hisobiga g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirdi. Va navbatdagi o‘yinda ham aynan zaxira o‘rindig‘i hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin – ispanlarning tarkibi sifat jihatdan kuchliroq va hatto Ferran Torres ham o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Ammo Belgiya nihoyat xarakter namoyish etishni o‘rgangan – aytish mumkinki, so‘nggi 10 yillikdagi katta turnirlarda jamoaga aynan shu narsa yetishmagandi. Shu tufayli, bu o‘yinda istalgan voqea ro‘y berishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version