Sport
JCh-2026 anonsi. Mbappe va Holand pley-offda start oladi
30 iyun kuni kechqurun va 1 iyul tongida jahon chempionati 1/16 bosqichi doirasida Kot-d’Ivuar – Norvegiya, Fransiya – Shvetsiya hamda Meksika – Ekvador juftliklari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Kot-d’Ivuar – Norvegiya
30 iyun, 22:00. AT&T Stadium, Arlington
Bu jamoalar o‘yinida kurash, hujumlar va gollar ko‘p bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Skandinavlar jamoasi ustozi Stole Solbakken Kot-d’Ivuar – bu safargi jahon chempionatining jismoniy jihatdan eng kuchli jamoalaridan biri ekanini e’tirof etdi. U bilan bahslashish qiyin, afrikaliklarda kuchli himoya chizig‘i, Pepe, Diallo va Diomande qiyofasida kuchl qanotlar mavjud. Fil suyagi qirg‘og‘i jamoasi guruh bosqichida Ekvador va Germaniya bilan o‘yinlarda teng kurash taklif etib, bu o‘yinlarda 4 ochko oldi, Kyurasaoga qarshi o‘yinda esa ortiqcha kuch sarflamasdan g‘alaba qozondi va o‘z tarixida ilk bor pley-offga chiqdi. Aynan ushbu jamoa turnir kashfiyotiga aylanishi mumkin.
Ammo Solbakken aynan pley-offning birinchi o‘yiniga kuch tejash uchun guruh bosqichining so‘nggi turida Fransiyaga qarshi kechgan bahs uchun ikkinchi tarkibni tashladi va Norvegiyaning asosiy tarkibi a’zolari jismoniy tayyorgarlik borasida raqibdan ortda qolmasligi tayin. Jamoa hujum chizig‘i vakillari – Holand va Nusa tezkor qarshi hujumlarda foydalanishga tayyor turadi. Qolaversa, norveglar jamoasida bir-birini tushunib o‘ynashda muammo yo‘q, jamoa sardori Edegorning nostandart qarorlari esa o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Bundan tashqari, skandinavlar turnir davomida o‘zini juda kamtarona tutmoqda – Senegal bilan o‘yinda pley-off masalasi muddatidan oldin hal qilinganidan keyin Holand futbolchilar o‘zidan favorit yasab olmasligi kerakligini aytgandi.
Umuman, bu oqshom ikki jamoadan birining g‘alabasi sensatsiya sifatida baholanmaydi, bu jamoalardan biri keyingi bosqichda Braziliya bilan o‘yinda sensatsiya qilishi mumkin.
Fransiya – Shvetsiya
02 iyul, 02:00. New York/New Jersey Stadium, Nyu York
Shvetsiya guruhni barqaror o‘tkaza olmadi va ikkinchi turda Niderlandiya bilan o‘yinda og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi (1:5). Grem Potter ushbu o‘yinda niderlandlarning qanotlariga bo‘sh hududlar taqdim etib, taktik jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kuchli vingerlarga ega bo‘lgan Fransiya bilan bunday xatoni takrorlash halokatli tus olishi tayin. Qolaversa, jamoaning asosiy himoyachilaridan biri Xiyen jiddiy jarohat oldi va bu skandinavlar jamoasi uchun juda yomon xabar. Boshqa tomondan, shvedlar himoya chizig‘ini yuqori o‘rnatadigan fransuzlarni qarshi hujumlarda jazolashi mumkin, buni guruhning birinchi turida Senegal ko‘rsatib bergandi. Shvetsiyaning hujumdagi asosiy qurollari Yokeresh, Elanga va Isak tezkor futbolchilar bo‘lib, himoyachilar ortiga ochilishni juda yaxshi uddalashadi.
Shuning uchun Fransiya bosh murabbiyi Dide Desham Saliba tezroq tiklanishini, Rabio, Kone va Tchuameni (ulardan ikki nafari boshlang‘ich tarkibga kirishi aniq) kabi yarimhimoyachilar maydon markazida ishonchli o‘ynashidan umid qiladi. Uning asosiy kuziri esa – hujum chizig‘idir. Mbappe va Dembele ajoyib sport formasida, Olise ham o‘yindan o‘yinga ochilib bormoqda. Uch ranglilar jamoasida gol urishda muammo bo‘lmasligi tayin, ammo himoya chizig‘iga savollar saqlanib qolmoqda.
Fransuzlar qiyin setkaga tushgandi, lekin bu tomondagi Germaniya va Niderlandiya allaqachon turnirni tark etdi, endi jamoa nimchorakfinalga chiqsa, Paragvay bilan o‘ynaydi, chorakfinaldagi ehtimoliy raqib Marokash va Kanadadan biri bo‘ladi, agar yarimfinalgacha yetib borilsa – Portugaliya, Ispaniya yoki Belgiyadan biri to‘g‘ri kelishi mumkin.
Meksika – Ekvador
1 iyul, 06:00. Estadio Azteca, Mexiko
Meksikaliklar A guruhini ideal ko‘rsatkichlar bilan yakunlashdi: 3 o‘yinda 9 ochko va birorta gol o‘tkazib yuborilmadi. Ammo jamoa bosh murabbiyi Haviyer Agirre shunday muvaffaqiyatli startdan keyin ham o‘yin sifatidan norozi va kuchni 90 daqiqaga taqsimlashda muammolar kuzatilayotganini aytmoqda. Shu bilan birga, turnir mezbonlari pley-offning ilk o‘yinini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
Tarkibdagi ijrochilar bo‘yicha meksikaliklar Ekvadordan ortda qoladi, lekin Janubiy Amerika jamoasi guruh bosqichini barqaror o‘tkaza olmagani va pley-offga katta qiyinchilik bilan chiqqanini inobatga olib, jamoalarning imkoniyatlarini teng baholash mumkin. Ekvadorliklar himoyada yaxshi, ammo oldingi chiziqda sifat yetishmayapti. Jamoa dastlabki ikki turda Kot-d’Ivuar va Kyurasao darvozasi tomon o‘nlab zarbalar yo‘llab, birorta gol urolmagandi. Germaniya bilan o‘yinda esa ekvadorliklar oxirigacha harakat qilishdi va iroda ko‘rsatib, g‘alabani ilib ketishdi.
Ushbu juftlik g‘olibi, 1/8 finalda katta ehtimol bilan Angliyaga to‘qnash keladi. Keyingi bosqichga kim chiqsa ham, favoritga qarshi ikkinchi raqam ostida harakatlanishni biladi. Undan oldin esa Meksika ham, Ekvador ham o‘zaro uchrashuvda barcha kuchini maydonga tashlashiga to‘g‘ri keladi. Bu jamoalar ham ikki teng kuchli raqiblardir.