Jamiyat
“Jazoni og‘irlashtirishga ehtiyoj va talabni sezdik” – administratsiya rahbari o‘rinbosari
Endi O‘zbekistonda ayollar va bolalarning himoyasi yanada kuchaytiriladi. Prezident imzolagan yangi farmon bilan bundan bu yog‘iga tazyiq holatlariga jamiyatda murorasiz kayfiyat shakllanishi kerak. Kun.uz bilan suhbatlashgan farmon ijrosiga mas’ul prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Nodira Hakimovaning aytishicha, ayollar va bolalar bilan bog‘liq salbiy statistikalar jiddiy o‘sib borgani sabab jazolarni og‘irlashtirishga talab ortgan.
O‘zbekiston prezidenti imzolagan farmon – jamiyatda ayollar va bolalarning har tomonlama himoyasini yaxshilash, ularga tazyiq, zo‘ravonlik holatlariga uzil-kesil javob qaytarish va murosasizlik kayfiyati shakllanishiga xizmat qilishi kerak. Hujjat bir nechta bandlardan iborat bo‘lib, unda erta nikohlarning oldini olishdan tortib, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi hamda moliyaviy savodxonligi, ularni hayotga tayyorlash loyihalari, ta’lim imtiyozlarigacha qamrab olingan.
Ushbu farmonda keltirilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga mas’ullardan biri, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimovaning aytishicha, oxirgi yillarda yosh qizlarning farzand ko‘rish statistikasi, ayollarga zo‘ravonlik bo‘yicha hisob-kitoblar – vaziyat salbiy tomonga rivojlanayotganini ko‘rsatgan.
“Erta tug‘uruq, maishiy va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik, ajrim va boshqa statistikalar oshgani sabab o‘zgarish qilish payti aslida bugun emas, kecha ekanligi o‘z isbotini topdi. Qisqa qilib aytganda zo‘ravon va pedofillarga qarshi urush, jang e’lon qildik”, deydi administratsiya rahbari o‘rinbosari.
Ma’lum qilinishicha, farmon bilan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga tezkor javob qaytarish uchun SOS tugmachalari ishga tushirilmoqda hamda mobil ilova orqali endi ichki ishlar organlariga xabar berish imkoni kengayadi.
“Ichki ishlar organlari xodimlari SOS tugmachasi orqali xabar berilganda uzog‘i 10 daqiqada yetib keladigan tizim ishlab chiqyapmiz”, deydi administratsiya vakili Nodira Hakimova.
Erta nikohlarning oldini olish – prezident farmonida alohida urg‘u berilgan jihatlardan biri. Buni har tomonlama targ‘ibot qilish uchun 21 yoshdan keyin ro‘yxatga olingan nikohlarga rag‘bat tizimi ham ishlab chiqiladi.
“18 yoshdan turmush qurish emas, 21 yoshdan keyingi nikohlarni trendga olib chiqishimiz kerak. Prezident ham shuni aytyaptilar, hayotning ma’nosini anglab, o‘qib, keyin oila qurishni yoshlarga targ‘ib qilish asosiy vazifamizga aylanmoqda”, deydi Nodira Hakimova.
Farmon bilan pedofil va zo‘ravonlarga qarshi uzil-kesil choralar ishlab chiqiladi. O‘zbekistonda endi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qilingan pedofiliya jinoyatlari uchun umrbod qamoq jazosi berilishi boshlanmoqda. Administratsiya rahbari o‘rinbosarining aytishicha, bu qarorga kelish oson bo‘lmagan va juda ko‘plab variantlar ichkarida muhokama qilingan.
“Oson bo‘lmadi, qaysidir ma’noda umrbod bir insonni qamash va uni ushlab turish ham davlat uchun ma’lum xarajat. Lekin yosh qizlarimiz, farzandlarimiz umri va sha’ni biz uchun hamma narsadan ustun edi. Kimyoviy kastratsiya varianti ham bor edi, lekin u tibbiy jihatdan qiyin amaliyot va natijadorligi kam bo‘lgani bois biz undan voz kechdik”, deydi administratsiya rahbari o‘rinbosari.
Bundan tashqari, farmon bilan ayollar va qizlarning har tomonlama himoyasini kuchaytirishni ta’minlash uchun ularga ta’lim ta’tillari yoki farzand ko‘rgan xotin-qizlarga masofadan o‘qish imkoniyatlari ham taqdim qilinmoqda.