Sport
Javohir Sindorov yana durang o‘ynadi
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Mattias Blyubaum bilan ham durang o‘ynadi, lekin 9 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘arib, peshqadamlikni saqlab qolmoqda va eng yaqin ta’qibchisidan 1,5 ochko oldinda bormoqda.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 8 aprel kuni Nomzodlar turnirining 9-turida qora donalarda o‘ynab, germaniyalik Mattias Blyubaum bilan durang qayd etdi.
Sindorov debyutda katta ustunlikka ega bo‘ldi, biroq 25-yurishga kelib kompyuter Javohirning g‘alaba qozonish imkoniyatini 4 ballga baholayotgandi. Ammo, aynan 25-yurishda Sindorov farzin b7 yurishini ko‘rmay qoldi. Oqibatda farzinlar va ba’zi yengil sipohlar almashib, partiya teng endshpilga o‘tdi va durang bilan yakunlandi.
Qatorasiga ikkinchi turda yuta olmaganiga qaramay, Javohir Sindorov 7 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qolmoqda.
Bu tur doirasida 4,5 ochko bilan 2 va 3-o‘rinni egallab turgan Fabiano Karuana va Anish Giri o‘rtasida kechgan to‘qnashuvda niderlandiyalik shaxmatchining qo‘li baland keldi. Natija Giri 5,5 ochko to‘plagan holda Sindorov bilan oradagi farqni 1,5 ochkoga qisqartirdi.
Sindorov bugun 10-partiyani oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaga qarshi o‘tkazadi.
Sindorov navbatdagi durangdan keyingi intervyusida aytishicha, qaroriga turnir jadvalidagi holati va yanada ishonchliroq o‘ynash istagi ta’sir qilgan. U turnir boshida bo‘lganida ko‘proq jasorat ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
«Menimcha, biz birinchi turda o‘ynaganimizda, bu yo‘lni topgan bo‘lardim. Ammo bugun iloji boricha puxta o‘ynashga harakat qildim. Endshpilda shunchaki bitta piyoda yutib oldim va shu ruhda davom etmoqchi edim, lekin uning f5 yurishini butunlay ko‘zdan qochiribman. Bu yurish juda kuchli bo‘lib chiqdi», – dedi Sindarov Chess24’ga bergan intervyusida.