Sport
Javohir Sindarov xalqaro turnir saralash bosqichini birinchi o‘rinda yakunladi
Keyptaunda bo‘lib o‘tayotgan nufuzli turnirning saralash bosqichida o‘zbekistonlik 20 yoshli grossmeyster Magnus Karlsen va Fabiano Karuana kabi nomdor raqiblarni mag‘lub etib, 7 imkoniyatdan 5,5 ochko jamg‘ardi va birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi. Bugun chorakfinal bahslari boshlanadi.
Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tayotgan Freestyle Chess Grand Slam turniri saralash bosqichining 1-turida Javohir Sindarov jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsenni mag‘lub etdi.
Bu o‘zbekistonlik 20 yoshli shaxmatchining faoliyatida Magnus Karlsen ustidan ikkinchi g‘alabaga aylandi.
Keyingi turlarda u eronlik Parham Maksudlu, amerikalik Fabiano Karuana va Hans Moke Nimanni ham mag‘lub etdi, hindistonlik Arjun Erigaisi, germaniyalik Vinsent Kaymer hamda amerikalik Levon Aronyan bilan durang qayd etildi.
Natijada o‘zbekistonlik shaxmatchi 5,5 ochko bilan saralash turnirida birinchi o‘rinni egalladi va pley-off bosqichida (chorakfinalda) o‘z raqibini birinchi bo‘lib tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. U turnir autsayderi Parham Maksudluni tanladi (ushbu shaxmatchi saralash bosqichida barcha bahslarda yutqazgan).
Chorakfinal bahslari bugun start oladi. Unda quyidagi juftliklar hosil bo‘lgan:
• Javohir Sindarov vs. Parham Maksudlu
• Levon Aronyan vs. Hans Moke Niman
• Arjun Erigaisi vs. Vinsent Kaymer
• Magnus Karlsen vs. Fabiano Karuana
Turnir 11 dekabrgacha davom etadi. Turnir sovrin jamg‘armasi 660 ming dollarni tashkil etib, g‘olib shaxmatchi 200 ming dollar bilan mukofotlanadi.