Jamiyat
Jarrohlar murakkab operatsiya orqali 5 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi
Tasodifan kaustik soda ishqorini yeb yuborib, mutlaqo ovqatlana olmaydigan holatga tushgan bolaning oshqozoni qayta joylashtirildi, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Shifokorlar tomonidan noyob va o‘ta murakkab operatsiya amalga oshirilib, og‘ir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u tasodifan kaustik soda ishqorini yeb yuborgan, oqibatda qizilo‘ngachning chandiqli torayishi yuzaga kelib, vaqt o‘tishi bilan mutlaqo ovqatlana olmaydigan holatga tushgan. Ota-ona farzandini xorijda davolatishga qaror qilgan. Ammo xorijdagi amaliyot vaqtida qizilo‘ngach oshqozon hisobidan qayta shakllantirilib, oshqozon yuqoriga ko‘tarilgan holda qizilo‘ngach qoldig‘iga ulangan. Bu esa yangi transplantantning yurakka bosim o‘tkazishiga va uni siqib qo‘yishiga olib kelgan.
Shundan so‘ng, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi jarrohlari murakkab operatsiyani amalga oshirib, oshqozonni qayta joylashtirib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirilgan.
«Tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan operatsiya qariyb 5 soat davom etdi. Yurtimizda ilk bor bajarilgan ushbu o‘ta murakkab amaliyotda oshqozon qayta joylashtirilib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi. Hozir bolaning ahvoli yaxshi. Shu kunlarda oilasi bag‘riga qaytadi», deyiladi xabarda.