Siyosat
Jarqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi
27-mart kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Jarqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sessiyada Jarqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga Saparov Ilhom Ochilovich nomzodi taklif etildi. Ushbu nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Saparov 1975-yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat, 2011-yilda magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Xalq ta’limi hamda Madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
U tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.