Jamiyat
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosining vafoti yuzasidan tekshiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holatda qotillik alomatlari aniqlanmagan.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakatda vafot etgan vatandoshimiz holati bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, K.N.ning vafoti munosabati bilan Janubiy Koreya milliy politsiya agentligining mas’ul xodimlari bilan doimiy muloqot olib borilmoqda.
Janubiy Koreya tomonining bildirishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarosining o‘limi yuzasidan mutasaddi soha vakillari tomonidan tekshiruv va ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, uning vafotida qotillik alomatlari mavjud emas.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritilganidan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Shu bilan birga, tekshirilmagan, yolg‘on yoki vahima chiqaruvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikka muvofiq ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatildi.