Jamiyat
Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Toshkent shahri va Namangan viloyatida xorijga noqonuniy migratsiyani tashkil etishga uringan shaxslar DXX hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Ular Janubiy Koreya va AQShga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan o‘n minglab AQSh dollari talab qilgan.
Foto: DXX / Videodan kadrlar
Toshkent shahrida yashovchi 1994 va 1999 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, fuqarolarni tanishlari orqali G-1 vizasini olib berish yo‘li bilan Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni, keyinchalik esa ushbu mamlakatda doimiy yashash huquqini beruvchi guvohnomani rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ular ushbu xizmatlari uchun 55 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs ham fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni taklif qilgan.
U tanishlari orqali O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh yo‘nalishi bo‘yicha jo‘natish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u talab qilingan mablag‘ning 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirib, bu borada faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, uning hududiy boshqarmalari hamda maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qildi.