Sport
Janubiy Koreya guruhdan chiqa olmagani mojaro keltirib chiqardi
Jamoa bosh murabbiyi Xon Men Bo murabbiy iste’fo berdi – ammo u endi mamlakatda eng ko‘p nafratga sazovor insonga aylandi, mahalliy telekanallar uning yuzini xuddi jinoyatchilarniki kabi «blyur» qilishmoqda. Do‘konlar va restoranlar eshigi oldida uning ichkariga kirishi taqiqlangani yozilgan tablichkalar qo‘yilgan. Mamlakat prezidenti muvaffaqiyatsizlik sabablarini tekshirishga chaqirdi.
Janubiy Koreya milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatini tark etishi katta mojaroga sabab bo‘ldi. Jamoa bosh murabbiyi Xon Men Bo iste’fos berdi va fanatlardan uzr so‘radi. Ammo xalq g‘azabidan qochib qutula olmadi: uni prezident Li Je Men ham tanqid qildi, televideniyeda uning yuzini «blyur» qildi, mahalliy tadbirkorlar esa uning o‘z do‘konlari va restoranlariga kirishini taqiqladi.
«Voqea tafsilotlarini sinchiklab tekshirishni so‘rayman»
57 yoshli mutaxassis uchun bu Janubiy Koreya milliy jamoasi boshqaruvidagi birinchi jahon chempionati emasdi. U 2014 yil Braziliyada o‘tkazilgan mundialda ham jamoani boshqargandi: o‘shanda uning shogirdlari Belgiya, Jazoir va Rossiya bilan bir guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketgan.
Xon Men Boni o‘shanda ham ayovsiz tanqid qilishgan, muxlislar aeroportdayoq o‘z e’tirozlarini uning o‘ziga bildirishgandi. O‘n yil o‘tib u qaytdi, ammo bu safar ham o‘xshamadi.
Holbuki Janubiy Koreya turnirni juda yaxshi boshlagan, Chexiya ustidan irodali g‘alabaga erishgandi (2:1). Bunday muvaffaqiyatli startdan keyin Meksika va JARga qarshi ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatni deyarli hech kim tasavvur qilmayotgandi. Ammo jamoa bu ikki o‘yinda ham yaxshi o‘ynaganiga qaramay, bir xil 0:1 hisoblarida yutqazdi va jahon chempionatini tark etdi.
Bunday natija uchun Xon Men Boni koreyslar kechira olishmadi. Matbuot anjumanida u jamoa boshqaruvidan ketishi haqida oldindan tayyorlab qo‘yilgan matnni o‘qib berdi.
«Koreya futbolini sevadigan va milliy jamoani qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Biz kutilgan natijalarga erisha olmadik va buning uchun barcha mas’uliyat faqat mening zimmamda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Yonhap nashri.
Ammo murabbiy uchun shu bilan mavzu yopilmadi. Uni barcha kulfatlar uchun aybdor deb topishdi – va JAR bilan o‘yinning boshlang‘ich tarkibiga jamoa sardori Son Heung Minni kiritmaganini esga olishdi: yulduzli futbolchi faqat ikkinchi bo‘lim davomida maydonga tushirilgandi.
Jurnalist Nuel Lanzonning yozishicha, Xon Men Bo xavfsizlik nuqtayi nazaridan Janubiy Koreyaga jamoadan alohida holda qaytgan. Hech kim 2014 yilgi tahqirli aksiya takrorlanishini xohlamagan: o‘shanda jamoani kutib olish vaqtida muxlislar murabbiylar shtabi vakillari hamda futbolchilarga qarata shirinliklar va boshqa buyumlarni uloqtirishgandi.
Mahalliy TVda esa allaqachon bosh murabbiyning yuzi xuddi jinoyatchilarniki kabi «blyur» qilinmoqda, do‘konlar va restoranlarda esa «Xon Men Bo kirishi taqiqlanadi» yozuvli tablichkalar paydo bo‘lgan.
Hafsalasizlik va nafrat to‘lqinidan keyin mamlakat prezidenti Li Je Men ham munosabat bildirib chiqdi. U ro‘y bergan hodisa sabablarini o‘rganishni so‘ragan.
«Agar qobiliyatli odamlarni emas, o‘z odamlaringizni afzal ko‘rsangiz va rahbarlik lavozimlariga layoqatsiz odamni tanlasangiz, natija oldindan ma’lum bo‘ladi… Madaniyat, sport va turizm vazirligidan ushbu voqeaning tafsilotlarini sinchiklab o‘rganishni so‘rayman», – deya yozgan ushbu siyosatchi ijtimoiy tarmoqda.
Vazirlik rahbari bunga darhol javob qaytargan.
«Butun xalqning umidi va g‘ururi qayta tirilishi uchun butun futbol ma’muriy tizimida tezkor ravishda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun o‘zimni ayamasdan, bor kuchimni ishga solaman», – deya yozdi Chhve Hvi Yen ijtimoiy tarmoqda.
Shotlandiya milliy jamoasida ham iste’fo, ammo u yerda tinchlik
Shotlandiyalik muxlislar ham muvaffaqiyatsizlikdan norozi. Ushbu jamoa ham jahon chempionatini g‘alaba bilan boshlagandi (Haiti 1:0 hisobida mag‘lub etilgan), ammo keyingi turlarda Marokash (0:1) va Braziliyaga qarshi kechgan o‘yinlar (0:3) mag‘lubiyat bilan yakunlandi va jamoa pley-offga chiqa olmadi.
Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi saytida bosh murabbiy Stiv Klark iste’foga chiqarilgani haqida press-reliz joylashtirilgan. 62 yoshli mutaxassis futbolchilarga minnatdorchilik bildirgan hamda o‘zidan keyin ishlaydigan murabbiyga omad tilagan.
«Futbolchilar maqtov va tahsinga loyiq va men uchun ularning murabbiyi bo‘lish haqiqiy sharaf edi. Meni qabul qilganingiz uchun rahmat, mendan keyin ishlaydigan murabbiyga omad», – deyiladi matnda.
Shu bilan birga, mamlakat futboli vakillari Stivni himoya qilib chiqishdi. Jamoaning sobiq futbolchisi Kris Boyd ushbu mutaxassis jamoani ikki marta Yevropa chempionatiga olib chiqqanini eslatgan.
«O‘ylaymanki, ko‘pchilik o‘tirib, Shotlandiya milliy jamoasi ilgari qayerda bo‘lganini va hozir qayerda ekanini eslab ko‘rishi kerak. Rostini aytsam, so‘nggi uch-to‘rt kun ichida uning boshiga yog‘ilgan barcha tanqidlar shunchaki sharmandalikdir», — deya Boydning so‘zlarini keltirgan SkySpors.
Shu bilan bir vaqtda, jahon chempionatida ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgan Turkiya milliy jamoasi (AQSh, Avstraliya va Paragvy bilan bir guruhda to‘rtinchi o‘rinni egalladi) bosh murabbiy bo‘yicha hech qanday o‘zgarish qilmoqchi emasligi ko‘pchilikni ajablantirdi.
Takvim ma’lumotiga ko‘ra, bosh murabbiy Vinchenso Montella o‘z lavozimini saqlab qoladi.