Jamiyat
Janubiy Koreya granti asosida 100 ta zamonaviy «Tez yordam» mashinasi xarid qilinadi
Janubiy Koreyaning DK Consultans kompaniyasi O‘zbekistonga 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasini yetkazib beradi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu mamlakatga tashrifi davomida tegishli kelishuvga erishilgan.
Muloqotda sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilingan.
«Uchrashuv asnosida mamlakatimizda 103 xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida kompaniya tomonidan ajratiladigan grant mablag‘i hisobidan 100 ta tez tibbiy yordam avtomashinasini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 7 million AQSh dollariga teng memorandum imzolandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Kelishuvga ko‘ra, mazkur zamonaviy rusumdagi transport vositalarini 2026 yilning birinchi yarmida xarid qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muloqotda Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga olish hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endikrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy davolash binosini barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.
Uchrashuvda mezbon tomon O‘zbekiston tibbiyoti transformatsiyasi jarayonida faol qatnashayotganidan mamnunligini hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirgan.