Sport
Jahon chempionati oldidan: O‘zbekiston Kanadaga yutqazdi
Jahon chempionati oldidan o‘tkazilayotgan muhim nazorat uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadaga qarshi maydonga tushdi. Edmonton shahrida bo‘lib o‘tgan bahsni 50 mingdan ortiq muxlis stadiondan kuzatdi va mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Kanadaning Edmonton shahrida joylashgan “Kommonvelt” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanadaga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu bahs har ikki jamoa uchun ham 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan muhim tayyorgarlik sinovi vazifasini o‘tadi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, maydonda kurashlarga boy vaziyatlar kuzatildi. O‘zbekiston safida Abduqodir Husanov, Odiljon Hamrobekov va Oston O‘runov kabi futbolchilar harakat qildi.
Tanaffusdan keyin mezbonlar ustunlikni qo‘lga kiritdi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochgan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqtda Jyeyden Nelson ikkinchi golni kiritib, Kanada g‘alabasini mustahkamladi.
Ma’lumot uchun, Kanada terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati mezbonlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston esa o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, turnir oldidan kuchli raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazmoqda. Terma jamoamiz Kanadadan keyin Niderlandiyaga qarshi ham o‘rtoqlik bahsida ishtirok etadi.