Iqtisodiyot

Jahon banki O‘zbekistonga qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun 150 mln dollar ajratadi

Published

on


«Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturi ikkinchi bosqichining umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi.

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) O‘zbekistonga imtiyozli moliyalashtirish shaklida 150 mln dollar ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Mablag‘lar «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu dastur mamlakatning oltita viloyatidagi qishloq hududlarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

«O‘zbekistonning 38 millionlik aholisidan qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab qishloqlar hanuzgacha sifatli yo‘llar, maktablar, tibbiyot muassasalari, shuningdek, suv va elektr ta’minoti xizmatlaridan foydalanishda ishonchli imkoniyatga ega emas. Ushbu kamchiliklar mahalliy ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ham cheklab qo‘ymoqda.  Ushbu muammolarni hal etish uchun O‘zbekiston hukumati 2019 yilda Jahon bankining XTU (100 million dollar) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (82 million dollar) moliyaviy ko‘magida «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturini amalga oshirishni boshlagan edi. Dastur 2026 yilning iyun oyida yakunlanishiga qadar, uning doirasida Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining qishloq tumanlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq subloyihalar moliyalashtirildi», — deyiladi xabarda.

Ushbu subloyihalar, xususan, 340 dan ortiq yo‘llar, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta suv ta’minoti tizimi, 100 ga yaqin maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 10 ta ko‘prikni qurish yoki modernizatsiya qilish ishlarini o‘z ichiga olgan. Alohida ta’kidlanishicha, ushbu yaxshilanishlar umumiy hisobda 1 millionga yaqin qishloq aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda keltirdi, ularning yarmini xotin-qizlar tashkil etdi.

Shu bilan birga, Jahon banki infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha subloyihalarni tanlab olish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish bevosita mahalliy aholi tomonidan, mahallani rivojlantirish guruhlari orqali amalga oshirilishini qayd etdi. Bunday guruhlar ishtirokchilarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi. «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturi ikkinchi bosqichining umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etadi. Dastur Jahon banki (150 mln dollar), OIIB (120 mln dollar) va O‘zbekiston hukumati (70 mln dollar) tomonidan moliyalashtiriladi.

Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada amalga oshiriladi. Jahon banki tomonidan moliyalashtirish mablag‘lari aniq natijalarga va dastur ijrosining asosiy bosqichlariga erishilishiga qarab transhlar shaklida ajratib boriladi. Dastur 2031 yilga borib transport infratuzilmasi, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tarmoqlari hamda boshqa obektlarni rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar hisobiga oltita viloyat mahallalarida jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu o‘zgarishlardan qariyb 1,2 mln qishloq aholisi, jumladan, 600 ming ayollar va 300 ming yoshlar naf ko‘radi.

Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mahsulotlarini sotish bozorlarini diversifikatsiya qilishda ko‘maklashadi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida 1500 ga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy biznes muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shilishi kutilmoqda. Jahon bankining moliyaviy ishtirokida qishloq xo‘jaligi hamda mikro, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga qaratilgan boshqa loyihalar bilan bir qatorda, ushbu dastur loyiha amalga oshiriladigan hududlardagi mahallalarda yana 25 mingga yaqin yangi va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilishiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version