Iqtisodiyot
Jahon banki Markaziy Osiyo energiya tizimlarini integratsiya qilishga 1 mlrd dollar ajratadi
Jahon banki Markaziy Osiyoda umumiy energetika infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya kiritadi. Bu energiya uzatish imkoniyatlarini uch baravarga yaxshilashi kutilyapti. «Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosini kengaytirishdan olinadigan iqtisodiy foyda kamida 15 mlrd dollarini tashkil etadi. Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikning yo‘qligi oqibatida boy berilgan daromadlar miqdori esa yiliga 4,5 mlrd dollar», deydi Jahon bankining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi mintaqaviy loyihalar koordinatori Dmitriy Petrenko.
Jahon banki Markaziy Osiyo energiya tizimlarini integratsiya qilish uchun taxminan 1 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida Jahon bankining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi koordinatori Dmitriy Petrenko ma’lum qildi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Petrenkoga ko‘ra, transchegaraviy energetika infratuzilmasini rivojlantirish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. «Biz energiya uzatish imkoniyatlarining taxminan uch baravar yaxshilanishini kutyapmiz», — dedi u.
Dastur amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosi hajmi yiliga 8600 GVt/soatdan 15000 GVt/soatgacha, elektr uzatish tarmoqlarining quvvati esa 4,5 GVt’dan 16 GVt’gacha oshishi kutilyapti. Shuningdek, 9 GVt’gacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
«Markaziy Osiyoda elektr energiyasi savdosini kengaytirishdan olinadigan iqtisodiy foyda kamida 15 mlrd dollarini tashkil etadi. Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikning yo‘qligi oqibatida boy berilgan daromadlar miqdori esa yiliga 4,5 mlrd dollar», deydi Jahon banki vakili.
Petrenko asosiy muammolar qatorida mamlakatlar o‘rtasidagi koordinatsiya yetarli emasligi va sifatli ma’lumotlar tanqisligini qayd etib o‘tdi. Ma’lumotlar taqdim etishdagi kamchiliklar qaror qabul qilish uchun zarur tahlillarni shakllantirish va ularning sifatini oshirishga to‘sqinlik qilyapti.