Mahalliy

Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Published

on


2026 yil 1 avgustdan boshlab Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi ilk bor Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

«Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989 yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version