Iqtisodiyot
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 34 387 ta bitim rasmiylashtirilgan. Shundan 19 241 tasi yoki 55,9 foizi transport vositalari, 15 146 tasi yoki 44,1 foizi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, hisobot davri yakuniga ko‘ra, yana 834 ta bitim ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan.
Iyun oyida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda 9 373 ta oldi-sotdi rasmiylashtirilib, bu respublika bo‘yicha jami bitimlarning 27,3 foizini tashkil qildi.
Faollik bo‘yicha keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati — 3 456 ta, Samarqand viloyati — 2 990 ta va Andijon viloyati — 2 737 ta bitim bilan egalladi.
Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlar 2026-yil iyun oyida mazkur mexanizm orqali rasmiylashtirilayotgan bitimlar hajmi barqaror saqlanayotganini va ayniqsa Toshkent shahri hamda yirik hududlarda talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.