Iqtisodiyot
Iyun oyida inflyasiya 0,6 foizni tashkil etdi
2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi (INI) oylik hisobda 100,6 foizni tashkil etdi. Yillik inflyasiya 6,4 foizga yetgan bo‘lsa, narxlar o‘sishiga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir tariflarining oshirilishi asosiy ta’sir ko‘rsatdi.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida iste’mol narxlari indeksi may oyiga nisbatan 100,6 foizni, 2025-yil dekabriga nisbatan 103,3 foizni, o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan esa 106,4 foizni tashkil etdi.
Meva-sabzavot mahsulotlari narxlari ta’sirini hisobga olmaganda, oylik inflyasiya 1,5 foiz, yarim yillik inflyasiya 4,2 foiz, yillik inflyasiya esa 6,9 foiz bo‘ldi.
Hududlar kesimida
Iyun oyida narxlar eng ko‘p quyidagi hududlarda oshdi:
Xorazm viloyati – 101,0 foiz;
Farg‘ona viloyati – 100,9 foiz;
Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari – 100,7 foiz;
Eng past oylik inflyasiya esa:
Sirdaryo viloyati – 100,3 foiz;
Toshkent shahri – 100,4 foiz;
Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida – 100,5 foizni tashkil etdi.
Yillik hisobda inflyasiya eng yuqori Samarqand viloyatida (106,8 foiz), undan keyin Qashqadaryo (106,7 foiz) va Andijon (106,6 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Narxlar o‘zgarishi
Iyun oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan guruch 2,3 foiz, grechka va pasterizatsiyalangan sut 1,2 foiz, shakar, qo‘y va mol go‘shti 1 foiz, tuxum 0,8 foizga qimmatlashdi.
Mavsumiy omillar ta’sirida ayrim meva-sabzavotlar narxi sezilarli arzonlashdi. Jumladan, baqlajon 46,6 foiz, pomidor 38,3 foiz, tarvuz 26,3 foiz, bodring 25 foiz va uzum 18,7 foizga arzonladi. Aksincha, sabzi 6,5 foiz va piyoz 3,6 foizga qimmatlashdi.
Tariflar inflyasiyani tezlashtirdi
Iyun oyidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari kuchga kirdi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha elektr energiyasi narxi 9,6 foiz, tabiiy gaz 10,7 foizga oshdi.
Shuningdek, aholiga tartibga solinadigan narxda sotilgan ko‘mir narxining 2,1 barobar oshirilishi oylik inflyasiyaga 0,48 foiz band hissa qo‘shdi.
Transport
Oy davomida AI-92 markali benzin narxi 3,6 foiz, AI-95 – 6 foiz, propan 11,3 foiz va metan 8,8 foizga qimmatlashdi. Taksi xizmatlari narxi 1,3 foizga oshgan bo‘lsa, temir yo‘l chiptalari 0,3 foiz, aviaqatnovlar esa 0,6 foizga arzonlashdi.