Sport
Italiya va Isroil o‘yinida 9 gol, Kosovoda sensatsiya. Kun o‘yinlari
JCh-2026 saralashi doirasida Yevropada dushanba kuni o‘tkazilgan o‘yinlar va guruhlardagi vaziyat.
I guruhi
O‘ziga o‘xshamayotgan Italiya
Isroil – Italiya 4:5
Gollar: Lokatelli (16, avtogol), D. Perets (52, 89), Bastoni (87 avtogol) – Kin (40, 54), Politano (59), Raspadori (81), Tonali (90+1)
Isroil: D. Perets, Naxmias, Lemkin (Shlomo, 9, Turgeman, 88), Revivo, Dasa (Mizraxi, 66), D. Perets, E. Perets, Glux, Solomon, Xalaili (Baribo, 66), Biton (Yyexezkel, 66)
Italiya: Donnarumma, Bastoni, Manchini, Dimarko (Kambiyaso, 79), Di Lorenso, Lokatelli, Tonali, Barella (Frattezi, 68), Politano (Orsolini, 68), Retegi (Maldini, 88), Kin (Raspadori, 79)
Kunning markaziy bahsi muxlislarning hafsalasini pir qilmadi – Vengriyaning Debretsen shahridagi o‘yinda Isroil va Italiya haqiqiy triller namoyish etib berishdi. Jyennaro Gattuzo boshqaruvidagi Italiya terma jamoasi «Skuadra adzurra»ning qandaydir beo‘xshov versiyasi bo‘lib ko‘rinmoqda. U xuddi bosh murabbiyi kabi biroz telbavor o‘ynamoqda. Bu jamoada darvozabon juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi, himoyachilar ikki bor o‘z darvozasini ishg‘ol etishi hamda italyanlarga xos bo‘lmagan tarzda so‘nggi daqiqalarda ikki to‘p farqi bilan ustunlikni boy berishi mumkin. Ammo jo‘shqin o‘yini bilan muxlislarni befarq qoldirmaydi.
Isroil o‘yin startida darvozani ishg‘ol etdi. Burchak zarbasi ijro etilganida Donnarumma to‘pga chiqishda xato qildi – to‘pni mushtlari bilan urib yurishga urinib, amalda to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Ammo hakam bahsli qarori bilan golni bekor qildi, u mezbonlar hujumchisi Janluidjiga qo‘pollik ishlatgan deb topdi.
Lekin ko‘p o‘tmay isroilliklar baribir hisobni ochishdi, 16-daqiqada jamoa sardori Dasa qanotdan jarima maydoniga uzatma berdi, to‘pni esa Lokatelli o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Italyanlar shundan keyingina uyg‘onishdi. Lokatelli o‘z aybini yuvishi mumkin edi, ammo uning zarbasi to‘singa bordi. Bo‘lim oxirida esa oldingi chiziqdagi Retegi – Kin tandemi ish berdi. Shu yozda Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan legioner assistentlik qildi, Moyze esa jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda esa yana isroilliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. Solomon Politano va Lokatellidan osonlik bilan qochib ketdi va Dor Peretsni golli uzatma bilan ta’minladi. Shu bilan birga, «Skuadra adzurra» keyingi hujumdayoq javob qaytardi. Yana Retegi Kinga assistentlik qildi. O‘yin oxirlariga borib asli Argentinada tug‘ilgan va mahalliylashtirilgan Retegi assistlar bo‘yicha het-trikka erishdi. Autdan to‘p o‘yinga kiritilgach, ushbu forvard to‘p uchun kurashda raqib himoyachisidan ustun keldi va Politanoni qulay vaziyatga chiqarib yubordi.
81-daqiqada Gattuzo shogirdlari oltiga qarshi to‘rt ko‘rinishidagi qarshi hujumda to‘rtinchi golni urishdi, Frattezi Raspadoriga nozik uzatma berdi, hujumchi to‘pga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi.
Keyin esa Italiya himoyachilari hunar ko‘rsatishdi va isroilliklar uch daqiqada ikki gol urishdi. Bastoni Lokatellidan qolishishni istamasdan chap qanotdan uzatilgan krossdan keyin avtogol muallifiga aylandi. Keyin esa Isroil ayyorlik bilan ijro etgan jarima zarbasi Peretsning dubli bilan yakunlandi. Gattuzoning himoyachilari Bariboga uzatilgan uzun pasni oldindan ko‘ra olishmadi, u esa markazda o‘zini taklif etgan Dorni to‘p bilan ta’minladi. Bu vaziyatda uni Tonali qo‘riqlay olmadi. Lekin aynan Sandro qo‘shimcha daqiqalarda antiqahramondan qahramonga aylanib, g‘alaba golini urdi – 4:5. Italiya ikkinchi o‘rin uchun kurashda g‘olib chiqdi va o‘z tarixida ilk bor qatorasiga ikki o‘yinda beshtadan gol urdi.
9 sentabr. Norvegiya — Moldova.
11 oktyabr. Norvegiya — Isroil, Estoniya — Italiya.
14 oktyabr. Estoniya — Moldova, Italiya — Isroil.
L guruhi
Qarishni istamayotgan Modrich
Xorvatiya – Chernogoriya
Gollar: Yakich, 35 (1:0). Kramarich, 51 (2:0). Kuch, 86 avtogol (3:0). Perishich, 90+2 (4:0)
Xorvatiya: Livakovich, Chaleta-Tsar, Shutalo, Stanishich, Yakich, Modrich (Moro, 82), Suchich (Mayyer, 70), Kramarich (Baturina, 70), Perishich, Pashalich (Fruk, 61), Ivanovich (Budimir, 61)
Chernogoriya: Petkovich, Savich, Shipchich, Vuyachich (Rubejich, 7), Brnovich (Kuch, 74), Bulatovich, Tsamay (Vukchevich, 60), Roganovich, Yovetich (Lonchar, 60), Vukotich (Bakich, 46), Krstovich
Ogohlantirishlar: Chaleta-Tsar, 25 – Bulatovich, 34. Savich, 43
Chetlatish: Bulatovich, 42 (ikkinchi sariq)
Bolqon derbisida mehmon bo‘lgan chernogoriyaliklarning muammolari geometrik progressiya tarzida o‘sib bordi. 7-daqiqadayoq Vuyachich jarohat olib maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda Yakich Modrichning uzatmasidan keyin uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi, chernogoriyaliklar mudofaasi esa parokanda bo‘lib ketdi. Shunchalikki, hatto tajribali Savich darvozabonga pas berishga urinib, o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga bir baxya bo‘ldi, to‘p ustunga bordi. Bu vaqtda esa Xorvatiya bosimni kuchaytirishda davom etdi va bunda 40 yoshli Modrich muhim rol o‘ynadi. Zlatko Dalich sentabrdagi birinchi o‘yinda sardorga dam bergan va kuchga to‘la holda maydonga tushgan futbolchiga yosh futbolchilar yeta olmay qolishdi. Bo‘lim oxirida aynan Luka jarima maydoniga yorib kirganida Bulatovich unga qo‘pollik ishlatdi va ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Bir kishi ko‘p bo‘lib qolgan «shashkachilar» ikkinchi bo‘limda hisobni yirik ko‘rinishga keltirishdi. Chexlarga qaraganda bitta kam o‘yin o‘tkazganiga qaramay, Xorvatiya to‘rt o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib (to‘plar nisbati 17-1), birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Gibraltar – Farer orollari
Gol: Agnarsson, 68 (0:1)
Gibraltar: Benda, Makklafferti, Lopesh, Valarino (Mauro, 83), olli, Torilya (Borg, 75), Richards, Pozo (L. Skenlon, 83), De Barr, Del Rio (Al-Hamidi, 70), D. Skenlon (Jyessop, 83)
Farer orollari: Lamxauge, Vatnxamar, A. Edmundsson, Chukvudi, Turi (Andreasen, 73), Xendriksson Olsen, Agnarsson, Benyaminsen (Danielsen, 59), Byartalid (Serensen, 59), Frederiksberg (Olsen, 86), Kletskar (Y. Edmundsson, 59)
Ogohlantirishlar: Torilya, 18. Pozo, 61. Richards, 77 – Lamxauge, 90
Autsayderlar duetida birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Farer orollari jamoasi ustunlik qildi, ammo Gibraltar ancha vaqtgacha bardosh berib turdi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar ochiq futbol namoyish etishga o‘tishdi, mezbonlar ham qiziqarli hujumlar uyushtirishdi, ammo 68-daqiqada baribir gol o‘tkazib yuborishdi. Agnarsson qaytgan to‘pni darvozaga kiritib yubordi. Bu epizod ofsayd holati bor-yo‘qligiga tekshirildi, yakunda hakamlar gibraltarliklarni ranjitadigan qaror chiqardi.
Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. Farer orollari kutilmaganda guruh jadvalida uchinchi o‘ringa chiqib oldi – Gibraltarga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan orolliklarda olti ochko bor.
9 oktyabr. Chexiya — Xorvatiya, Farer orollari — Chernogoriya.
12 oktyabr. Farer orollari — Chexiya, Xorvatiya — Gibraltar.
C guruhi
Qo‘shhokimlik
Gretsiya – Daniya 0:3
Gollar: Damsgor, 32 (0:1). A. Kristensen, 62 (0:2). Hoylund, 81 (0:3)
Gretsiya: Tzolakis, Kuliyerakis, Mavropanos, Tsimikas, Vayannidis, Kurbelis (Siopis, 64), Zafeyris (Ioannidis, 75), Konstantelias (Masuras, 46), Tzolis (Pelkas, 83), Karetsas (Bakasetas, 46), Pavlidis
Daniya: Shmeyhel, Andersen, A. Kristensen, Mele (Grenbek, 90), R. Kristensen, Yulmann, Froholdt (Brun Larsen, 82), Heyberg, Damsgor (O`Rayli, 83), Skov Olsen (Dorgu, 63), Biyeret (Hoylund, 63)
Ogohlantirishlar: Kuliyerakis, 45 – Mele, 68
Greklar Daniyaga qarshi o‘yinni ancha tetik boshladi, ammo ularning harakatlari haqiqiy golli vaziyat yaratishga emas, agressiv o‘ynashga qaratilgandi. Mehmonlar esa kutishdi va mezbonlar charchaganida tashabbusni qo‘lga olishdi va o‘yinning yarim soati ortda qolganida hisobni ochishdi. O‘tgan turda shotlandlar mudofaasiga chora topa olmagan Daniya hujumchilari Gretsiyadagi o‘yinda butunlay boshqacha harakat qilishdi. Damsgor raqib jarima maydonida Kurbelisga bosim uyushtirib, to‘pni olib qo‘ydi va qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda greklar yanada bo‘shashdi va ikki gol o‘tkazib yubordi.«Barselona» himoyachisi Andreas Kristensen maydon markazidan reyd boshlab, to‘p bilan 30 metrdan oshiq masofani bosib o‘tdi va jarima maydoni markazida hech qanday qarshilikka uchramasdan, aniq zarba berdi. Zaxiradan tushgan Hoylund esa hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Uchinchi gol urilgan hujumni to‘xtatishga uringan darvozabon Tsolakis jarima maydonini tashlab chiqdi, Dorgu esa uni aldab o‘tib bo‘sh darvoza sari zarba yo‘lladi. Ammo to‘p bo‘sh darvozaga kirmadi va ustundan qaytdi. Shu yozda «Manchester Yunayted»dan ketgan hujumchi esa baribir to‘pni darvozaga kiritdi.
Belarus – Shotlandiya 0:2
Gollar: Adams, 43 (0:1). Volkov, 65 – avtogol (0:2)
Belarus: Lapouxov, Zabelin, Parxomenko, Volkov (Demchenko, 71), Pechenin (Malkevich, 72), Karpovich (Pigas, 46), Kalinin, Ebong, Myakish (Gromiko, 65), Malashevich (Melnichenko, 46), Barkovskiy
Shotlandiya: Gann, Suttar, Makkenna, Roberson, Jonston (Hiki, 74), Gilmor (Maklin, 83), Fergyuson, Makginn, Maktominay (Miller, 90), Adams (Dayks, 83), Douk (Kristi, 74)
Ogohlantirishlar: Kalinin, 51. Melnichenko, 90 – Douk, 51
Shotlandiya ham safar o‘yinida oson g‘alabaga erishdi. Startdagi yirik mag‘lubiyatdan (Gretsiyaga 1:5) keyin tarkibda total qayta qurishni amalga oshirgan belaruslar faqat birinchi bo‘lim oxirlariga qadar darvozasi daxlsizligini saqlab turoldi. 42-daqiqada esa mehmonlar klassik britancha hujum uyushtirishdi, Maktominay to‘pni olis ustun oldida ochilgan Adamsga tashlab berdi va u yiqila turib to‘pni darvozaga kiritib yubordi. Ikkinchi bo‘limda esa Volkov Gilmorning Maktominay yo‘nalishidagi pasini to‘xtatishga urinib, o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yganida o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. To‘plar nisbati bo‘yicha Daniyaga yetib olish uchun shotlandlarga yana bitta gol yetmay qoldi. Adams bunga yaqin edi, ammo u darvozabonni aldab o‘tib zarba berganida himoyachi darvoza chizig‘i ustida to‘pni to‘xtatib qoldi.
9 oktyabr. Belarus — Daniya, Shotlandiya — Gretsiya.
12 oktyabr. Shotlandiya — Belarus, Daniya — Gretsiya.
V guruhi
Shveytsarcha barqarorlik
Shveytsariya – Sloveniya 3:0
Gollar: Elvedi, 18 (1:0). Embolo, 33 (2:0). Ndoy, 38 (3:0)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges, Vidmer (Shmidt, 62), Rider (Manzambi, 62), Jaka, Froyler, Vargas (Ebisher, 62), Ndoy (Zom, 90), Embolo (Zakariya, 78)
Sloveniya: Oblak, Biyol, Drkushich, Yanja, Karnichnik (Brekalo, 86), Elshnik (Svetlin, 61), Gnezda Cherin, Lovrich (Petrovich, 21), Stoyanovich (Shturm, 61), Sheshko, Vipotnik (Seshlar, 86)
Ogohlantirishlar: Karnichnik, 66. Petrovich, 70
Bu kvartetda faqat Shveytsariya barqarorlik namoyish etmoqda. Murat Yaqin jamoasi Kosovo ortidan nisbatan mustahkamroq sanalgan Sloveniya mudofaasini ham buzib tashladi va o‘yin taqdirini birinchi bo‘limdayoq hal qildi. Avvaliga Shveytsariya burchak zarbalaridan ikki gol urdi. Elvedi va Embolo ikkinchi qavatdan zarba berib, darvozani ishg‘ol etishdi. Tanaffus arafasida esa mezbonlar pozitsion hujum uyushtirib, o‘ng qanotdan raqib himoyasini yorib o‘tishdi, Ndoy Froylerning uzatmasiga barchadan oldin yetib borib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Kosovo – Shvetsiya 2:0
Gollar: Rejbechay, 26 (1:0). Muriki, 42 (2:0)
Kosovo: Murich, Aliti, Dellova, Gallapeni, Krasnichi, Rejbechay (Emerlahu, 85), Avdullahu, Musliya (Xo‘ja, 90+2), Voyvoda, Rraxmani (Yashari, 59), Muriki (Asllani, 59)
Shvetsiya: Ulsen, Hin, Gudmundsson, Ekdal (Kraft, 66), Saletros, Ayyari, Larsson (Sema, 46), Svensson (Nanasi, 46), Bernhardsson (Nyugren, 62), Elanga (Isak, 72), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Aliti, 81. Murich, 81. Emerlahu, 86. Yashari, 90 – Bernhardsson, 47. Isak, 81. Kraft, 83
Chetlatish: Emerlahu, 90 (ikkinchi sariq).
Kosovoliklar o‘z maydonidagi o‘yinning birinchi bo‘limida shvedlarni ajablantira olishdi. Mehmonlar bosim uyushtirishdi, mezbonlar esa ularni qarshi hujumlarda jazolashdi. Yokeresh o‘ta qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin uyushtirilgan hujumda Rejbechay ikkinchi urinishda Ulsenni dog‘da qoldirdi. Tanaffus arafasida esa kosovarlar «ikkiga bir» ko‘rinishidagi qarshi hujumda hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirishdi. Bu hujumda tajribali Muriki o‘zini ko‘rsatdi. Hujumchi oxirigacha kurashib to‘pni jamoada saqlab qoldi va o‘zi hujumni yakunlab, jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda Kosovo hisobni saqlash uchun o‘ynadi. Emerlahu o‘yin oxirida maydondan chetlatilgani ham o‘yinga ta’sir ko‘rsatmadi. Shvedlarni esa zaxiradan tushirilgan Isak ham qutqara olmadi.
10 oktyabr. Kosovo — Sloveniya, Shvetsiya — Shveytsariya.
13 oktyabr. Sloveniya — Shveytsariya, Shvetsiya — Kosovo.