Iqtisodiyot
IT Parklar xizmatlarining eksporti keskin oshdi
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi IT Park ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan xizmatlar eksporti 191,8 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,5 mln dollarga oshgan.
Hisobot davrida IT Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi ham sezilarli o‘sdi. Xususan, mazkur ko‘rsatkich 9,4 trln so‘mga yetib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 2,8 trln so‘mga ko‘paygan.
Hisobotda IT Park ishtirokchilari faoliyatiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ham oshgani qayd etilgan. Barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 500,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 348,9 mlrd so‘mga ko‘p ekani ta’kidlanmoqda. Bunday o‘sish IT infratuzilmasi, yangi ofislar, texnologik platformalar va kadrlar tayyorlashga qaratilgan loyihalar faollashganini ko‘rsatadi.