Dunyodan
Isroil BMT Bosh kotibi bilan aloqani uzdi
Isroil davlati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan aloqalarini uzdi. Bu haqda Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon ma’lum qildi.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilni jinsiy zo’ravonlikni urush quroli sifatida ishlatadigan davlatlar qatoriga kiritdi. Tel-Aviv hukumati BMT qaroridan norozi bo‘lib, xalqaro tuzilmani “siyosiylashgan va korruptsiyalashgan tuzilma” deb qoraladi.
BMT Bosh kotibi idorasining bildirishicha, Isroil qaroriga qaramay, tashkilot eshiklari yahudiy davlati uchun ochiqligicha qolmoqda.
Tel-Aviv hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlar 2023-yil oktabr oyida Xamas hujumlariga javoban Isroil G‘azo sektoriga bostirib kirib, o‘n minglab tinch aholini o‘ldirganidan so‘ng keskinlashgan.
Gap shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning turli tashkilotlari Isroilning G‘azo sektoridagi tinch aholiga qarshi jinoyatlarini ochiqdan-ochiq tanqid qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil sentabrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollar muammolari bo‘yicha dasturi hisobotiga ko‘ra, 2023-yilning oktabridan 2025-yilning dekabrigacha bo‘lgan davrda Isroilning harbiy hujumlarida 38 mingdan ortiq g‘azolik ayol halok bo‘lgan.
BMTning Falastin inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroilning BMTdagi a’zoligini to‘xtatishni taklif qildi.
2025-yilda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hukumatining bosib olingan G‘arbiy Sohilda yahudiylar uchun 3400 dan ortiq uy-joy qurish rejasini keskin qoralagan bayonot berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining qattiq pozitsiyasiga javoban Isroil hukumati 2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi qochqinlarga yordam va ishlar agentligining (UNRWA) mamlakat ichida va Falastin yerlarida faoliyatini taqiqladi.
2024-yilda yahudiy davlati BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni “persona non grata” deb e’lon qildi va uning mamlakatga kirishini taqiqladi.