Sport
Ispaniyada «Vuelta» velopoygasi Falastin tarafdorlari namoyishi tufayli muddatidan oldin yakunlandi
Tashkilotchilar 11-bosqichda g‘olib bo‘lmasligini e’lon qildi.
Falastin tarafdorlari namoyishi Ispaniyaning Bilbao shahrida «Vuelta» velopoygasi 11-bosqichini to‘liq yakunlashga imkon bermadi. AP xabariga ko‘ra, poyga finishga 3 km masofa qolganida to‘xtatildi.
«Marradagi voqealar tufayli biz finishga 3 kilometr qolganda poygani to‘xtatdik. Bosqich g‘olibi bo‘lmaydi», deb e’lon qildi tashkilotchilar.
Qayd qilinishicha, finishga yaqin joyni Falastin bayroqlari va Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi plakatlar ko‘targan namoyishchilar egallagan. Tashkilotchilar politsiya chaqirishga majbur bo‘lgan.
11-bosqich oldidan Professional velosipedchilar assotsiatsiyasi (CPA) poygachilar, xususan, «Isroil – Premier Tech» jamoasi xavfsizligi bo‘yicha xavotir bildirib, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirgan edi.
Bir kun avval trassadagi norozilik namoyishlari «Intermarche – Wanty» poygachisi Simone Petillining yiqilishiga sabab bo‘ldi.
Ispaniyaning «Vuelta» velopoygasi «Tur de Frans» va «Jiro d’Italiya» bilan bir qatorda uchta asosiy ko‘pkunlik poygalardan biri. Poyga 14 sentabr kuni Madridda yakunlanadi.