Sport

Ispaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi

Published

on


Belgiyaning zaxira darvozaboni qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Merino bu safar ham so‘nggi daqiqalarda qahramonga aylandi.

Foto: David Ramos/Getty Images

Ispaniya milliy jamoasi pley-offda so‘nggi daqiqalarda urilgan gol orqali g‘alaba qozonishda davom etmoqda. Luis de la Fuente shogirdlari chorakfinalda qiyinchilik bilan Belgiya to‘sig‘idan o‘tdi. Endi 14 iyul kuni muxlislarni yarimfinalda superjang kutmoqda – ispanlar fransuzlarga qarshi.

Ispaniya – Belgiya 2:1

Gollar: Ruis, 30 (1:0). De Ketelare, 41 (1:1). Merino, 88 (2:1)

Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro, Ruis (Torres, 55), Rodri, Olmo (Merino, 86), Baena (Pedri, 55), Yamal, Oyyarsabal (Uilyams, 79)

Belgiya: Kurtua (Lammens, 71), Mehele, Ngoy, De Keyper (Seys, 61), Kastan, Vanaken (Vitsel, 60), Raskin, De Bryuyne (Salemakers, 86), Doku, Trossar (Lukaku, 60), De Ketelare

Ogohlantirishlar: Kubarsi, 43. Lyaport, 90 – De Bryuyne, 85. Vitsel, 90

Ikki jamoa ham boshlang‘ich tarkiblarda syurprizlarga qo‘l urdi. Belgiyaliklar safida 1/8 finalda AQShga qarshi o‘yinni to‘liq zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan Kevin de Bryuyne hamda o‘sha o‘yinda ikkinchi bo‘limda tushirilgan Jyeremi Doku bu safar ilk daqiqalardan o‘ynadi. 

Bundan tashqari, Rudi Garsiya chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida jarohatlangani tufayli Yuri Tilemans xizmatlaridan foydalana olmadi. Ispanlarda esa kutilmaganda jamoaning asosiy yarimhimoyachisi Pedri zaxirada qoldirildi.

Belgiyaliklar o‘yinni kuchli pressing bilan boshladi, de Bryuyne va de Ketelare 4-4-2 sxemasida harakatlangan tarkibda birinchi himoyachilar vazifasini o‘tashdi. Ammo ko‘p o‘tmay «Qizil furiya» tashabbusni o‘z qo‘liga oldi.

Birinchi bo‘limdagi kuling brekkacha belgiyaliklar raqib jarima maydonida atigi bir marta to‘pga teginishgani ham o‘yin kartinasini yaqqol ifodalaydi. Kichik tanaffusdan keyin ko‘p o‘tmay ispanlar hisobni ochishdi: Olmoning zarbasini Kurtua qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib Ruis yetib keldi.

Ispaniya bu turnirda biror marta gol o‘tkazmagani hisobga olinsa, belgiyaliklar tang ahvolda qolishgandi. Ammo aynan ushbu jamoaga Ispaniyaga birinchi golni urish nasib qildi. Garsiya markaziy forvard pozitsiyasiga ko‘chirgan yarimhimoyachi Sharl de Ketelare turnirdagi navbatdagi golini urdi (u o‘tgan turda AQSh darvozasiga dubl qayd etgandi).

«Qizil furiya» ikkinchi bo‘lim davomida ham ustunlikka erishdi, «qizil iblislar» darvozaboni Tibo Kurtua jarohat olishi esa o‘yin taqdirini hal qildi.

Uning o‘rniga zaxiradan tushirilgan Lammens o‘yin oxirida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi – u Kubarsining zarbasidan keyin to‘pni ushlab qololmadi, to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Mikel Merino darvozani ishg‘ol etdi. «Arsenal»ning ushbu yarimhimoyachisi o‘tgan bosqichda Portugaliya darvozasiga ham o‘yin oxiridagi g‘alaba goliga mualliflik qilgandi.

Garsiya shogirdlarida o‘yinni qutqarish uchun kuch ham, vaqt ham qolmagandi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Simon to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yib, raqibga gol sovg‘a qilishi mumkin edi, ammo Lukaku bu safar qahramonlik ko‘rsata olmadi. O‘yin davomida zarbalar berish bo‘yicha Ispaniya yaqqol ustunlik qildi (17 ga qarshi 5, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 8:2), xG ko‘rsatkichi bo‘yicha ham katta farq yuzaga keldi (0,37 ga qarshi 2,08). 

Endi Ispaniya 14 iyul kuni yarimfinalda Fransiyaga qarshi maydonga tushadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version