Sport
Ispaniya – Argentina o‘yini o‘tkazilmaydi
Yevropa chempioni Ispaniya milliy jamoasi va Amerika Kubogi sohibi Argentina milliy jamoasi o‘rtasidagi chempionlik bahsi rasman bekor qilindi.
Futbol bo‘yicha Ispaniya milliy jamoasi (Yevropa chempioni) va Argentina milliy jamoasi (Amerika Kubogi sohibi) o‘rtasidagi «Finalissima» chempionlik o‘yini rasman bekor qilindi. Bahs 2026 yil 27 mart kuni Qatarda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi fonida o‘yin o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
Manbalarga ko‘ra, asosiy sabab mintaqaviy beqarorlik bilan bog‘liq xavfsizlikka tahdidlar, shuningdek, aviaqatnovlar va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga qo‘yilgan cheklovlar bo‘lgan.
Tashkilotchilar – UYeFA va KONMeBOL o‘yinni o‘tkazishning muqobil variantlarini, jumladan, Yevropaga ko‘chirish va ikki o‘yindan iborat formatni ko‘rib chiqdi. Biroq tomonlar kelishuvga erisholmadi, jumladan, Argentina federatsiyasining pozitsiyasi tufayli.
Shu tariqa, uzoq kutilgan chempionlar to‘qnashuvi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Finalissimaning boshqa sanaga ko‘chirilishi masalasi ochiq qolmoqda.