Iqtisodiyot
Ispan kompaniyasi Toshkent viloyatida baliqchilik klasterini barpo etmoqchi
Ispaniyada «O‘zbekiston – Galisiya» biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish, baliqchilikni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, uzumchilik, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kaolinni qayta ishlash sohasidagi qo‘shma loyihalar namoyish etildi.
Muzokaralar yakunida Ispaniyaning «Feeding Systems S.L.» kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida baliqchilik klasterini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, hokim Zoir Mirzayev Ispaniyaning vinochilik, issiqxona xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, avtomobil butlovchi qismlari, ekologik texnologiyalar va sut mahsulotlari sohalarida faoliyat yurituvchi bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari «EcoForest» kompaniyasi tomonidan issiqxona xo‘jaliklari uchun taklif etilayotgan innovatsion geotermal isitish va sovutish tizimlari bilan tanishdi.
Toshkent viloyatida zamonaviy geotermal isitish va sovutish tizimini joriy etish orqali 1 gektarlik maydonda tajriba loyihasini amalga oshirish imkoniyati muhokama qilindi. «EcoForest» kompaniyasi vakillari ushbu loyihani amalda joriy etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Biznes-forum doirasida Vigo va Toshkent savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.