Jamiyat
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobidan joy oldi
2026-yil 13-aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi «Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi» sifatida rasman e’tirof etildi va Guiness World Recordsʼning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi.
Tantanali taqdirlash marosimi Ginnes rasmiy vakili va hakami — Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.
Tadbirda, shuningdek, loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shgan me’morlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ishtirok etdi. Mukofot Markaz Ilmiy kengashi a’zolariga topshirildi.
Tantanali marosimda Guinnes World Records rasmiy vakili Sheyda Subashi shunday ta’kidladi:
«Ginnes rasmiy vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, muzeyning har bir burchagi va taqdim etilgan har bir eksponat o‘ziga xos noyoblikka hamda madaniy qiymatga ega. Ushbu majmuani barpo etish ortida yillar davomida olib borilgan keng ko‘lamli va mashaqqatli mehnat yotganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Muzeyga tashrif buyurish meni juda hayratda qoldirdi — bu haqiqatan ham chuqur va mazmunli tajriba bo‘ldi. Tashrif doirasida barcha narsani to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmasada, baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshirildi. Men tomonimdan rasmiy logbuk (qaydlar daftari)dan foydalanildi, unda har bir eksponat qayd etilib, islom arxeologiyasi, san’ati va fani sohasidagi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi. Men amalga oshirilgan ishlar darajasidan chin dildan hayratdaman va ushbu loyihani hayotga tadbiq etishda ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bu ulkan sa’y-harakatlar va yuksak professionallik natijasi bo‘lgan ulkan yutuqdir».
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megaloyihasi sifatida hayotga tadbiq etilgan ulkan ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasidir. Loyiha 2017-yilda boshlangan bo‘lib, 2026-yil 17-martda yakuniga yetdi. U ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan «Yangi O‘zbekiston»ning noyob madaniy-ma’rifiy platformasi sifatida qad rostladi. Loyiha davlat rahbarining milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash hamda O‘zbekistonni jahon maydonida Islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilish borasidagi strategik qarashlarini aks ettiradi.