Sport

Irqchilik ayblovlari va persona non grataga aylangan amaldor. Fransuzlar yana mojaro markazida

Published

on


Bu safargi mundial – haqoratlash bo‘yicha jahon chempionatiga aylandi.

Fransiya milliy jamoasi bu safargi jahon chempionatida nafaqat maydonda, balki siyosiy arenada ham jang qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Paragvaylik senator Selesta Amarilya ortidan argentinalik siyosatchi Ebe Kasado bilan ham yana bir ziddiyat yuzaga keldi – u Dide Desham shogirdlarini «tarbiyasiz afrikaliklar jamoasi» deb atadi va darhol persona non grata maqomini oldi.

Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy ham tinch turgani yo‘q, u «Uchranglilar» jamoasida fransuzlar yo‘qligiga urg‘u qaratgan.

Ispaniyadagi keys

Shu kunlarda Ispaniyadagilarning xayoli JCh-2026 yarimfinalida Fransiyaga qarshi kechadigan o‘yinda. Mamlakat sobiq bosh vaziri Mariano Raxoydan ham «Qizil furiya»ning ushbu o‘yindagi imkoniyatlari haqida so‘rashgan. U esa Desham jamoasini maqtadi, ammo «tilidan ilindi».

«Ular bu jahon chempionatida barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonmoqda va FIFA reytingida birinchi o‘rinda joylashgan. Ularning tarkibidagi futbolchilar ham juda yuqori darajada. Shu bilan birga, ularning safida birorta fransuz futbolchisi yo‘q. Ular esa juda yaxshi o‘ynashmoqda va dahshatli raqib bo‘lishadi», – degan Raxoy RMC Sport nashriga.

Fransiyaning Ispaniyadagi elchixonasi sobiq bosh vazirning so‘zlarini e’tiborsiz qoldirmadi. Elchixonadagilar Mariano nohaq ekanini isbotlashga qaror qilishdi.

«Bahslashishni istamaymiz, ammo faktlarni eslatib o‘tish joiz. Jamoamizning barcha futbolchilari – fransuzlar. 26 futbolchidan 23 nafari mamlakat hududida tug‘ilgan. Fransiyadan tashqarida dunyoga kelgan uch nafari ham bizning fuqarolarimiz hisoblanadi», – deyiladi elchixona bayonotida.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bu borada munosabat bildirib, ayrimlar hali ham insonning mamlakatga mansubligini familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki teri rangi bilan baholashini, boshqalar esa uning mamlakatga sadoqati va uning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchashini ta’kidladi.

«Ispaniya uni sevadigan va uning ravnaqi uchun mehnat qiladigan barchaga tegishli. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakat obro‘siga putur yetkazadiganlarga emas. Fransiya, yarimfinalda ko‘rishamiz. Kuchli jamoa g‘alaba qozonsin, irqchilik esa mag‘lub bo‘lsin», – deya yozdi Sanches.

Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ham Raxoyning fikrlarini qattiq qoraladi. U sobiq bosh vazirni Fransisko Franko diktaturasi davri g‘oyalariga moyillikda ayblab, keskin tanqid qildi.

Argentinalik mulozim ayol Mbappega qarshi

Barchasi fransuzlarning jahon chempionati 1/8 finalida Paragvay ustidan g‘alaba qozonishi (1:0) ortidan boshlangandi. O‘sha uchrashuv janubiy amerikaliklarning qasddan qo‘pol o‘ynashi bilan yodda qolgandi, ammo ushbu mintaqadagi siyosatchilar Yevropa jamoasiga nafratini sochish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.

Argentinaning Mendosa provinsiyasi vitse-gubernatori Ebe Kasado ham bu borada yaqqol ajralib turibdi. O‘yin yakunlanishi bilan u paragvayliklarni maqtashga qaror qildi, ammo buni juda g‘alati tarzda ifodaladi.

«Barakalla, Paragvay. Afrikaliklar jamoasi o‘zini juda tarbiyasiz tutdi. Mbappega toqat qila olmayman», – deya yozgan Kasado X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bu bayonoti keng tarqalib ketganidan keyin ham ushbu siyosatchi o‘z so‘zlari uchun uzr so‘ramasligini bildirdi. «To‘g‘risini aytsam, bu izohda irqchilik ko‘rmayapman. Agar kimdir uni shunday qabul qilsa, demak, u afrikaliklarni noto‘liq deb hisoblaydi. Kimnidir afrikalik deb atashni – haqorat deb hisoblovchilar diskriminatsiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘ladi», – deya javob qaytargan ushbu amaldor.

Bunga javoban Kasado persona non grata deb e’lon qildi: endi u o‘z so‘zlarini qaytarib olmagunicha, Fransiya elchixonasiga tashrif buyurishi va mamlakat rasmiylari bilan tadbirlarda qatnashishi mumkin emas.

«Irqchilik – bu fikr emas, jinoyat. Unga bizning elchixonamizda joy yo‘q», – deya qayd etgan Fransiyaning Argentinadagi elchisi Romen Nadal.

Paragvaydagi mojaro

Paragvaylik senator Selesta Amarilya bilan bo‘lgan voqea eng shov-shuvlisi bo‘lgandi. JCh 1/8 finalidagi o‘sha o‘yindan keyin u Mbappeni «o‘zini zo‘r berib fransuzdek ko‘rsatishga urinadigan, aslida mustamlakadan chiqqan kamerunlik» deb atagandi.

Bu so‘zlar Kiliangacha yetib bordi va u javob qaytarishga qaror qildi. «Siz o‘z lavozimingizga noloyiq bo‘lgan jirkanch ayolsiz», – degandi futbolchi.

Shundan keyin Selesta Kilianning o‘zini «gender zo‘ravonlik»da aybladi va sudga berish bilan tahdid qildi. Lekin senatorni vatanida ham qo‘llab-quvvatlashmadi.

Avvaliga uning bayonoti Paragvay hukumati tomonidan qoralandi. Ko‘p o‘tmay bu ish rasmiy rezolyutsiya bilan mustahkamlandi. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, senatorni irqchilikda ayblash to‘g‘risidagi qaror parlament yuqori palatasida deyarli besh soatlik muhokamalardan so‘ng qabul qilingan. Yakuniy hujjatda Senat kamsitishning har qanday shaklini «mutlaqo rad etishi» bildirilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version