Iqtisodiyot
iqtisodiyot texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomada iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish 2026 yildagi ikkinchi ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Davlat rahbariga ko‘ra, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va samaradorlikni oshirish orqali 2030 yilgacha YaIMni 240 mlrd dollardan oshirish maqsad qilingan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada 2026 yildagi ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish vazifasini belgilab berdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, jahonda raqobat tobora kuchayib borayotgan sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlar dunyo bozorida barqaror o‘rin egallamoqda.
«Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni bo‘lishi shart», — dedi prezident.
Misol tariqasida, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya iste’mol qiladigan tarmoqlar rivojlantirilgani hisobiga joriy yilda 1 dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya miqdorini 13 foizga kamaytirishga erishilgani qayd etildi.
Prezidentga ko‘ra, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l — iqtisodiyotning barcha sohalarini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdir. Bu yondashuv kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi ta’kidlandi.
Murojaatnomada mamlakatdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish va inson kapitaliga qaratilayotgan e’tibor O‘zbekistonni investorlar uchun jozibador davlatlardan biriga aylantirayotgani ham qayd etildi. Aytilishicha, joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishilgan. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish mo‘ljallangan.
Prezident har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqi bozori aniq bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya, suv, yer va boshqa resurslardan samarali foydalanish, mahalliy kadrlarni yangi texnologiyalarga o‘qitish hamda mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Ya’ni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, bunday strategik investorlarga loyiha uchun yer maydonlari bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladi. Yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Shuningdek, yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida investorlarga «yagona darcha» tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatadigan elektron platforma ishga tushirilishi, barcha vazirliklar ushbu tizimga ulanishi ma’lum qilindi.