Iqtisodiyot
Ipakchilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi
Ipak qurti uchun ozuqa bazasini oshirish maqsadida 200 million tup tut ko‘chati ekiladi. Buning natijasida ozuqa bazasi 45 foizga oshadi. Har yili kamida 500 ming mavsumiy va 50 ming doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonda ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarga oid prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, 2030 yilgacha ipakchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Jumladan, tirik pilla yetishtirish hajmi 2026 yilda 30 ming tonnadan 2030 yilda 36 ming tonnaga yetkaziladi. Eksport hajmi 2026 yildagi 120 million dollardan 2030 yilda 300 million dollarga yetkaziladi.
Ipak qurti uchun ozuqa bazasini oshirish uchun 200 million tup tut ko‘chati ekiladi. Buning natijasida ozuqa bazasi 45 foizga oshadi.
Shuningdek, pillani chuqur qayta ishlash darajasini 2026 yilda 30 foizga, 2030 yilda 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Hujjatga ko‘ra, har yili kamida 500 ming mavsumiy va 50 ming doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.