Jamiyat
Investorlar uchun yangi kafolatlar va aholidagi mobil telefonlar miqdori
Prezident investorlar uchun yangi huquqiy kafolatlarni e’lon qildi. Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi. 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatishi ma’lum bo‘ldi. Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi. Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident investorlar uchun yangi huquqiy kafolatlarni e’lon qildi
O‘zbekistonda investorlar huquqlarini himoya qilish va xalqaro moliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. Uning ishtirokchilari uchun maxsus huquqiy rejim hamda 50 yillik soliq imtiyozlari joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Xususan, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Shuningdek, kapitalning erkin harakati va istalgan valutada hisob-kitob qilish imkoniyati kafolatlanadi.
Markaz hududida moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va «yashil» moliyani rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma shakllantiriladi. Bundan tashqari, normativ hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etiladi.
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
Xalqaro konsalting kompaniyasi Boston Consulting Group (BCG) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatorida qayd etildi. Poytaxt “o‘zgarish sur’ati” ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonning bir qator yirik shaharlarini ortda qoldirib, yuqori o‘rinlardan birini egallagan.
BCG tomonidan tayyorlangan tadqiqotda dunyoning turli shaharlari iqtisodiy imkoniyatlar, yashash sifati, ijtimoiy kapital, davlat boshqaruvi bilan o‘zaro munosabatlar hamda o‘zgarishlarga moslashish sur’ati kabi mezonlar asosida baholangan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent “o‘zgarish sur’ati” yo‘nalishida Xitoyning Shenchjyen shahri va Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan keyingi pog‘onani egallagan. Tadqiqot mualliflari Toshkentning yuqori natijalarini avvalo iqtisodiy faollikning o‘sishi, yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishi hamda davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi bilan izohlagan. Shuningdek, aholi va davlat idoralari o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarining takomillashib borayotgani ham muhim omil sifatida qayd etilgan.
10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatishi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda mobil aloqa vositalaridan foydalanish darajasi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 10 yosh va undan katta aholining 99,3 foizi mobil telefondan foydalangan.
Qayd etilishicha, mamlakatda raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, mobil aloqa xizmatlari qamrovining ortishi hamda internet infratuzilmasining rivojlanishi aholi orasida mobil telefonlar ommalashuviga xizmat qilgan.
Mutaxassislar fikricha, mobil telefonlar nafaqat aloqa vositasi, balki davlat xizmatlari, elektron to‘lovlar, onlayn ta’lim, elektron tijorat va turli raqamli platformalardan foydalanishning asosiy vositasiga aylanib bormoqda.
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
Yaroqlilik muddati o‘tgan yoki belgilangan tartibda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish maqsadida qabul qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.