Jamiyat
Intizomli fermerlarga «arzon kredit» berish taklif qilinyapti
Prezident Shavkat Mirziyoyevga paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratish yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgani, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi ma’lum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2026 yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan plenka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, o‘z mablag‘i va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3 trillion so‘m mablag‘i iqtisod bo‘lishi ta’kidlandi.
Hozirda fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xo‘jaliklarga ham, to‘lov intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qo‘llanmoqda. Shu munosabat bilan, fermerlar orasida «intizomli bo‘lish – arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xo‘jaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.