Jamiyat
Interpol qidiruvida bo‘lgan o‘zbekistonliklar AQSh va Turkiyada ushlandi
Ular tergov harakatlarini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga qaytarildi va Interpol Milliy markaziy byurosi, hududiy ichki ishlar organlari xodimlariga topshirildi.
Interpol Toshkent va Anqara Milliy markaziy byurolari hamda O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi hamkorligi natijasida Interpol kanallari orqali qidiruv e’lon qilingan shaxslarning deportatsiya qilish masalasi hal etildi. Bu haqda O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi axborot ko‘magi va AQSh vakolatli organlari bilan yaqin hamkorlikda, Amerika hamda Turkiya tomonlari bilan qo‘shma sa’y-harakatlar natijasida, turli jinoyatlar, jumladan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik va boshqa qilmishlarni sodir etgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qidiruv e’lon qilingan O‘zbekiston fuqarolari ushlangan.
Amerika tomoni, shuningdek Anqara Interpol Milliy markaziy byurosi, AQSh va Turkiya vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar va axborot almashinuvi natijasida qidiruvdagi shaxslarni mamlakat hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shu tariqa AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi xodimlari hamrohligida ikki nafar shaxs Nyu-Yorkdan Toshkentga yuborilgan. Yana ikki kishi Istanbuldan chiqarib yuborilgan. Ular keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish maqsadida Interpol Milliy markaziy byurosi va respublika hududiy ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.