Sport
«Inter» muddatidan oldin Italiya chempioni bo‘ldi
«Inter» ikki mavsumdan so‘ng, yangi bosh murabbiy Kristian Kivu qo‘l ostida chempionlik unvonini qaytarib oldi.
«Inter» A Seriyaning 35-turida «Parma»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan oldin Italiya chempioni bo‘ldi.
Bu g‘alabadan so‘ng, bosh murabbiy Kristian Kivu shogirdlari musobaqa yakuniga 3 tur qolganida 82 ochko to‘pladi, eng yaqin ta’qibchi «Napoli» hisobida 70 ochko bor.
Shu tariqa, «Inter» ikki mavsumdan so‘ng chempionlik unvonini qaytarib oldi. Milanliklar oxirgi marta 2023/24-yilgi mavsumda g‘olib bo‘lgan edi.
2025 yil iyun oyida «Inter» bosh murabbiyi bo‘lgan ruminiyalik mutaxassis Kristian Kivu murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. U Joze Mourinodan keyin (2008/09 va 2009/10-yilgi mavsumlar) A Seriyada g‘alaba qozongan birinchi xorijlik murabbiy bo‘ldi. O‘sha yillarda Kivuning o‘zi portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida «Inter» himoyasida o‘ynagan. Shundan beri Italiya chempionatida faqat italiyalik murabbiylar g‘alaba qozongan edi: Massimiliano Allegri, Antonio Konte, Mauritsio Sarri, Stefano Pioli, Luchano Spalletti va Simone Inzagi.
Italiyada skudettolar soni bo‘yicha «Inter» ikkinchi o‘rinda turadi: 21 ta unvon. Rekordchi — «Yuventus» (36 ta sovrin). «Milan»da — 19 ta unvon.
Kivu jamoasida mavsumni oltin dubl bilan yakunlash uchun ajoyib imkoniyat bor. 13 may kuni «neradzurri» Italiya kubogi finalida «Latsio» bilan o‘ynaydi.