Sport
Infantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
U «har bir mamlakat orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligi»ni ta’kidlamoqda.
FIFA prezidenti Janni Infantino kelgusida jahon chempionati ishtirokchilari soni 64 tagacha kengaytirilishi mumkinligini istisno qilmayapti. U bu haqda AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlarida ilk bor 48 jamoa ishtirokida o‘tkazilayotgan turnir fonida ma’lum qildi.
Barcha uchun imkon
56 yoshli funksioner kelgusidagi rejalar haqidagi savollarga javob berish asnosida bunday g‘oyani ham «ko‘rib chiqish zarurligi»ni aytgan.
«48 ta jamoa ishtirokidagi turnir haqiqatan ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Har bir jamoa yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi. Barcha qit’alardan kelgan jamoalar gol urishdi va kamida bitta ochkoga ega bo‘lishdi. Afrikaning 10 ta jamoasidan to‘qqiztasi pley-offga chiqdi. So‘nggi jahon chempionatida Afrikaning atigi beshta vakili bor edi… Bu barcha jamoalarni jalb qilish – ularga ishtirok etish imkoniyatini berish qanchalik muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu, albatta, jahon chempionatidan keyin ko‘rib chiqiladigan masala. Turnirni tashkillashtirishda uni nafaqat Yevropa va Janubiy Amerika, balki butun dunyo uchun ochiq qilish muhimdir. Har bir mamlakat jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», – deya Infantino so‘zlarini keltiradi Blue Sport.
Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 tagacha kengaytirish haqidagi muhokamalar 2025 yildayoq boshlangandi. O‘shanda turli darajadagi futbol funksionerlari, jumladan, KONMeBOL rahbari Alexandro Dominges o‘z konfederatsiyasining aprel oyidagi kongressida shunday g‘oya bilan chiqqandi. U yangi formatni FIFA turnirning 100 yilligini nishonlaydigan 2030 yilgi mundialda sinab ko‘rishni taklif etgandi. Infantino o‘shanda ushbu hamkasbini qo‘llab-quvvatlagandi.
«Har bir g‘oya – yaxshi g‘oya. Biz yuz yillikni qanday nishonlash haqida o‘ylashimiz lozim», – degandi shveysariyalik mulozim ESPN nashriga.
Ishonchdan qolish
Infantino anchada vaqtdan buyon turnirni kengaytirishni orzu qiladi, ammo u boshlangan ishni oxirigacha yetkaza olishi dargumon. Folarin Balogun bilan bog‘liq mojarodan keyin prezidentning FIFA ichidagi pozitsiyasi sezilarli daajada zaiflashgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh milliy jamoasi forvardi JCh 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) qizil kartochka olgandi, ammo uning diskvalifikatsiyasi kechiktirildi va keyingi bosqichda Belgiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Balogunning jazosini shartliga almashtirishni Infantinodan Amerika prezidenti Donald Tramp iltimos qilgan.
Ushbu yangilik turli futbol assotsiatsiyalari va futbol nashrlari tomonidan keskin tanqid qilindi. The Times nashri xabariga ko‘ra, Infantino tashkilot ichkarisida ham, o‘zi hamkorlik qiladigan mamlakatlarda ham ishonchni yo‘qotgan.
«Futbolga Trampnikidan ko‘ra kattaroq siyosiy aralashuv bo‘lmaydi, FIFAning tushuntirish berishga urinishlari esa bema’ni chiqdi», – degan yuqori martabali manbalardan biri ushbu nashrga.
Janni Infantinoning o‘zi qandaydir qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganini tan olmayapti, ammo uning obro‘siga jiddiy putur yetdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, u 2027 yilgi saylovga ham o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ammo, katta ehtimol bilan, u bu safar jiddiy raqobatga duch keladi – allaqachon unga muqobil nomzod tayyorlash imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Ishtirokchilar soni kengaytirilmagan taqdirda ham, 2030 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi tayin: turnirni bir vaqtda uchta qit’adagi 6 mamlakat qabul qiladi – Janubiy Amerika (Urugvay, Argentina, Paragvay), Yevropa (Ispaniya, Portugaliya) va Afrike (Marokash). Ishtirokchilar soni yanada ko‘payishi turnirni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqadi, ammo uning amalga oshishi fakt emas.