Jamiyat
Imom Buxoriy majmuasidan fotoreportaj
Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘ja Ismoil mahallasida joylashgan ulug‘ muhaddis bobomiz – Imom Buxoriy hazratlari nomi bilan ataladigan muqaddas ziyoratgoh joriy yilning 18 mart sanasida, Ramazon hayiti bayrami arafasida qayta ochildi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan qaytadan bunyod etilgan mazkur majmua buyuk muhaddis olimning musulmon olamida tutgan o‘rni va salohiyatiga munosib bo‘y ko‘rsatdi.
Qayriyb 8 yil davom etgan qurilish-bunyodkorlik ishlarida ushbu manzilda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurildi. Ziyoratgohning to‘rt burchagida 75 metr balandlikdagi minoralar qad ko‘tardi.
Shuningdek, tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun majmua atrofida uch va to‘rt yulduzli 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxona, milliy va dunyo xalqlari taomlarini tayyorlovchi 10 ga yaqin restoran va oshxonalar, 1800 dan ortiq transport vositasini saqlashga mo‘ljallangan 4 ta avtoturargoh, 40 ga yaqin elektromobillarni quvvatlash nuqtalari, 100 ga yaqin savdo va servis shoxobchalari tashkil etildi.
Ziyoratgoh joylashgan Xo‘ja Ismoil mahallasi infratuzilmasi ham yangilandi, mehmonxona-uylar tashkil qilindi. Ayni paytda mahallada 18 ta ko‘p qavatli uy qurildi, ko‘plab savdo va servis shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.