Mahalliy
Ilmiy daraja olishda chet tilidan imtihon topshirish talabi bekor qilinadi
Prezident farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tizimida bir qator amaliyotlardan voz kechiladi. Maqsad — ilmiy tadqiqotchilar uchun ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish.
Eng e’tiborli o‘zgarishlardan biri — fan nomzodi va fan doktori darajalari uchun chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon topshirish talabi bekor qilinishi bo‘ldi. Bu imtiyoz mustaqil izlanuvchilarga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, dissertatsiya mavzularini Oliy attestatsiya komissiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda himoya haqida rasmiy e’lon berish amaliyoti ham tugatiladi.
Farmon bilan dissertatsiyalarni yetakchi tashkilotlarda muhokamadan o‘tkazish tartibi ham bekor qilindi. Shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi DSc dissertatsiyalari bo‘yicha monografiya nashr etish talabi ham amalda bo‘lmaydi.
Yana bir muhim yangilik — dissertatsiya avtoreferatini alohida chop etish amaliyoti tugatilishi hisoblanadi. Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etilganligi haqida maxsus xulosa olish majburiyati ham bekor qilinmoqda.
Farmonga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi huzuridagi ekspert kengashlar tomonidan dissertatsiyalarni qo‘shimcha ilmiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi ham tugatiladi. Bundan tashqari, himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti ham bekor qilinadi.
Islohotlar faqat talablarni qisqartirish bilan cheklanmaydi. 2027-yildan boshlab ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.
Farmon bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga jalb qilingan xorijlik olimlarning xorijda olgan ilmiy darajalarini nostrifikatsiya qilish talabi ham bekor qilindi.