Siyosat

Ilm va ma’rifat insoniyatni birlashtiruvchi eng buyuk kuch

Published

on


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda ilm-fan, ta’lim va ma’naviyat insoniyatni birlashtiruvchi eng muhim omil ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari forumning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan olimlar, xalqaro tashkilotlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etayotgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Prezident bugungi kunda mojarolar, ekstremizm, islomofobiya va madaniyatlar o‘rtasida qarama-qarshilikni kuchaytirishga qaratilgan urinishlar avj olayotganini ta’kidlab, bunday sharoitda islomiy qadriyatlar tinchlik, hamjihatlik va taraqqiyot uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Murojaatda O‘zbekiston hududi asrlar davomida jahon ilm-fani va ma’naviyatining eng yirik markazlaridan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarning merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida e’tirof etildi.

Prezident Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim va inson intellektual salohiyatini rivojlantirishga asoslanayotganini bildirdi.

Shuningdek, mamlakatda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni tiklash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa vaqt ichida Sharq va G‘arb, o‘tmish va kelajak, an’analar hamda zamonaviy ilm-fanni bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi.

Shavkat Mirziyoyev forum turli davlatlar, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va ilmiy markazlarning intellektual salohiyatini birlashtiruvchi yangi global hamkorlik platformasi bo‘lishiga ishonch bildirdi. U O‘zbekiston fundamental tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar, qo‘shma nashrlar va gumanitar loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berganini ta’kidladi.

Murojaat so‘ngida Prezident ilm va ma’rifat tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning eng mustahkam poydevori ekanini yana bir bor qayd etib, forum ishtirokchilarini ushbu ezgu maqsadlar yo‘lida hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version