Dunyodan
Ilhom Aliyevning Rossiyaga kelmagani sababi ma’lum bo‘ldi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning shu yil 22 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan MDHning norasmiy sammitida ishtirok etmagani ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in mavzuga aylandi.
“Minvar” nashrining yozishicha, Ilhom Aliyevning Rossiya rahbari taklifiga qaramay sammitga kelmaganiga Moskvaning AZAL samolyoti halokati qurbonlariga tovon puli to‘lash va aybdorlarni jazolashdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.
“Ilhom Aliyevning MDH sammitiga kelmagani diplomatik toʻxtab qolish emas, balki institutsional belgidir. Milliy barqarorlik masʼuliyat hissi bilan belgilanadigan dunyoda yarim chora-tadbirlar ish bermaydi. Siyosiy tartib tugallanmagan fojialarga, quruq vaʼdalarga toqat qilmaydi”. “[Samolyot halokatining]birinchi yilligiga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, agar Moskva haqiqatdan ham shunday vaziyatda o‘zi kabi harakat qilmoqchi bo‘lsa, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga hali vaqt bor”, — deb yozadi Ozarbayjon nashri.
Rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ilhom Aliyevning tashrifi haqida bayonot berishidan avval Ozarbayjon rahbari sammitga bormasligini so‘nggi daqiqada ma’lum qilganiga e’tibor qaratdi. Tahlilchi voqea Ozarbayjonga tegishli samolyotning urib tushirilishi bilan bog’liqligiga ham e’tibor qaratdi.
“Boku Kremlning Ozarbayjon uchun maqbul boʻlgan tinchlik shaklini qabul qilishga tayyor emasligiga ishonchi komil boʻlgani uchun shunday chora koʻrdi. Bu sulh 2024-yil 25-dekabrda Checheniston osmonida Ozarbayjonning AZAL aviakompaniyasiga tegishli yoʻlovchi samolyoti halokatga uchraganidan keyin Ozarbayjon-Rossiya munosabatlarida yuzaga kelgan jiddiy inqirozni bartaraf etishi kerak edi”, deb yozadi Dubnov.
Avval xabar qilinganidek, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml prezident Ilhom Aliyevning MDHning norasmiy sammitida ishtirok etmaslik qarorini tushunishini aytdi.
Ozarbayjon davlat axborot agentligi bu qarorni Ilhom Aliyevning ish jadvali juda tig‘iz ekanligi bilan izohladi.
Xabaringiz bor, 2024-yilning 25-dekabr kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida “Azerbaijan Airlines” aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti halokatga uchrab, o‘nlab yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan edi.
Halokatning dastlabki daqiqalarida Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 rus havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan deb taxmin qilingan.
Keyinchalik Ozarbayjon matbuoti buni tasdiqlovchi dalillarni chop etdi.
Ozarbayjon hukumati samolyot halokati yuzasidan Rossiyaga qarshi xalqaro sudga da’vo arizasi berishini ma’lum qildi.
Joriy yilning 27 iyun kuni Yekaterinburgda 50 dan ortiq Ozarbayjon fuqarosi hibsga olingani, qo‘lga olish chog‘ida ikki kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani sababli Moskva va Boku o‘rtasidagi diplomatik keskinlik kuchaygan.
Tahlilchilarning aytishicha, geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat olib borishga intilayotgan Ozarbayjon endi Rossiyaning “katta ittifoqchisi”ga toqat qilmaydi.
Prezident Aliyev shu yil 9-may kuni Moskvada boʻlib oʻtgan Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80 yilligiga tashrif buyurmadi.