Sport

Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi

Published

on


O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining ikki nafar iqtidorli a’zosi — Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanov faoliyatini Yevropada davom ettiradi. Yosh futbolchilar Portugaliyaning nomdor “Braga” klubi bilan rasman shartnoma imzoladilar.

Kelishuvga ko‘ra, hamyurtlarimiz Portugaliya klubida sotib olish huquqi bilan bir yillik ijara asosida to‘p surishadi. Agar ushbu opsiya kelgusida faollashtirilsa, o‘yinchilar bilan 5 yillik uzoq muddatli shartnoma imzolanadi. Yevropa futboli shiddatiga va muhitiga muvaffaqiyatli moslashish uchun o‘zbekistonlik yoshlar dastlabki bosqichda “Braga”ning 23 yoshgacha bo‘lgan (U-23) jamoasida to‘p surishadi

“Braga” mamlakat futbolida o‘zining mustahkam o‘rniga ega. Jamoa an’anaviy ravishda “Benfika”, “Portu” va “Sporting”dan iborat bo‘lgan mashhur katta uchlikdan keyingi eng asosiy sport kuchi hisoblanadi. Mahalliy muxlislar va futbol jamoatchiligi orasida jamoa “Qurolsozlar” laqabi bilan mashhur.

Klub o‘z tarixida 3 marta Portugaliya kubogini, 3 marta Liga kubogini qo‘lga kiritgan. Jamoaning xalqaro maydondagi eng yirik muvaffaqiyati 2010/11 yilgi mavsumda Yevropa Ligasi finaliga qadar yetib borgani hisoblanadi.

“Braga” butun Yevropada o‘zining o‘ta kuchli skautlik tizimi va yuqori saviyadagi akademiyasi bilan nom qozongan. Klub muntazam ravishda yosh va istiqbolli iqtidorlarni kashf etib, ularning salohiyatini ochadi va keyinchalik Yevropaning top chempionatlariga manfaatli transferlarni amalga oshiradi. Bu muhit o‘zbekistonlik yosh futbolchilar uchun katta futbol eshigini ochishda ajoyib tramplin vazifasini o‘tashi mumkin.

Klubning uy uchrashuvlari o‘tkaziladigan “Braga munitsipal stadioni” ham dunyodagi eng o‘ziga xos arenalardan biridir. Monte-Kashtru granit qoyasi bag‘rida o‘yib ishlangan ushbu muhtasham stadion faqatgina ikki chetda joylashgan tribunalardan iborat bo‘lib, o‘zining noyob arxitekturasi bilan ajralib turadi.

Yosh futbolchilarimizga Portugaliya zaminidagi yangi va mas’uliyatli faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaymiz!

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version