Iqtisodiyot
Ijobiy tendensiyalar sekinlashgan va tashqi xatarlar bor – MB raisi asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida
Mart oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflatsiya 7,1 foizgacha sekinlashdi. Shunday bo‘lsa-da, Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator raisi Timur Ishmetov buni inflatsiyaning pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, jarayon sekinlashgani, shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining yuqoriligicha qolayotgani bilan izohladi.
29 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator rahbari Timur Ishmetov nima uchun inflatsiya pasayib borayotganiga qaramay asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilganiga izoh berdi.
«Bugungi yig‘ilishda bitta masala ko‘rildi, saqlab qolish. Umumiy inflatsiya ham bazaviy inflatsiya ham pasayishda davom etyapti. Bu ijobiy holat. Shu bilan birga, pasayish tendensiyasi sekinlashgan, ayrim mahsulotlar bo‘yicha esa pasayish yuzga kelmaganligi, ayniqsa, aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarida haligacha narx o‘sishi umumiy inflatsiyadan yuqoriroq shakllanayotgani sabab qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildik.
Mana, inflatsiya 7,1 foiz, lekin haligacha stavka yuqori. Ko‘proq pasayishga sharoit bo‘lmadimi, degan savollarni eshityapman. Albatta, ijobiy tendensiyani ko‘ryapmiz, lekin bu jarayon sekinlashgan va tashqi xatarlar borligini inobatga olib, asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qildik», dedi MB raisi.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank asosiy stavkasi oxirgi marta 2025 yil 20 mart kuni 0,5 foizga oshirilgandi. Shundan buyon o‘zgarishsiz saqlab qolinyapti.