Jamiyat
“Ihlos travel”ning Umra ziyoratchilari O‘zbekistonga eson-omon yetib kelgani ma’lum qilindi
Avvalroq Kun.uz ko‘rsatuvida “Ihlos travel” turfirmasining ayrim Umra ziyoratchilari urush tufayli Saudiya Arabistonining Jidda shahrida qolib ketgani aytilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, ziyoratchilarning barchasi eson-omon vatanga qaytarilgan.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi fonida “Ihlos travel” turfirmasining Umra ziyoratchilari ham Saudiya Arabistonining Jidda shahrida qolib ketgani xabar qilingandi. Ular ortga qaytarildi.
“Ihlos travel” turfirmasining tahririyatga ma’lum qilishicha, safarga borganlarning barchasi navbat bilan xavfsiz tarzda sog‘-omon uylariga yetib kelishgan. Eng so‘nggi ziyoratchilar o‘tirgan samolyot bugun – 7 mart kuni tongda Toshkentga qo‘ngan.
Turfirmaga ko‘ra, vaziyat har qancha keskin va og‘ir bo‘lmasin, ziyoratchilar ziyon-zahmatlarsiz mamlakatga olib kelingan.
Avvalroq Kun.uz Yaqin Sharqdagi keskinlik sabab arab mamlakatlarida qolib ketgan vatandoshlarning murojaatlarini yoritgandi. Ular reyslar bekor bo‘lgani sabab turfirmalari qo‘shimcha kunlarni qoplab bermayotgani, vaqtincha qolishga joy topolmayotganidan shikoyat qilishgan.