Jamiyat
Hujjatsiz qolgan ayol va uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyada uzoq yillar davomida qonuniy maqomsiz yashab, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vatanga qaytarildi. Bu jarayon O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Rossiyaning tegishli davlat idoralari hamkorligida amalga oshirildi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida og‘ir ahvolga tushib qolgan A.S. uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilib, 15 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya hududida qonuniy maqomsiz yashab kelgani, shaxsiy hujjatlari va moliyaviy imkoniyatlari yo‘qligi sababli farzandlariga munosib sharoit yaratib bera olmayotganini bildirgan hamda vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.
Konsullik bo‘limi xodimlarining tezkor chora-tadbirlari natijasida Rossiyaning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ayolning uch nafar farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, konsullik yig‘imlari undirilmagan holda ularga O‘zbekistonga qaytish uchun zarur bo‘lgan qaytish guvohnomalari berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ko‘magida ayol va uning farzandlari uchun Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva–Urganch yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalari xarid qilinib, ularning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlandi.
Qayd etilishicha, ushbu amaliy yordam xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash va ularning vatanga xavfsiz qaytishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida amalga oshirildi.