Iqtisodiyot
Ho‘rmuz sabab RF daromadlari keskin oshishi mumkin
Moskva Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ortidan hanuz ulkan qo‘shimcha daromad olishda davom etmoqda. Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning neft, gaz va o‘g‘itlar eksportidan tushayotgan daromadi allaqachon oyiga 10 mlrd yevrodan oshib ketgan.
Moskvada joylashgan lobbistik tashkilot — “Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi” (AHK Russland) hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozining davom etayotgan blokadasi tufayli xomashyo eksportidan milliardlab yevrolik qo‘shimcha daromad olmoqda.
“Rossiya Yaqin Sharqdagi yangi urushning asosiy g‘olibi bo‘ldi”, — dedi AHK Russland boshqaruv raisi Mattias Shepp 7 aprel, seshanba kuni dpa agentligiga bergan intervyusida.
Moskva jahon bozorida xomashyo narxlarining ko‘tarilishidan foyda ko‘rmoqda, chunki u eksport uchun boshqa yo‘nalishlardan foydalanmoqda. Sheppning ta’kidlashicha, bularning barchasi “Rossiyaga tarixiy miqyosdagi kutilmagan pul yomg‘irini” olib kelishi mumkin. Palata ma’lumotiga ko‘ra, RFning neft, gaz va o‘g‘itlar eksportidan olayotgan foydasi allaqachon oyiga 10 mlrd yevrodan oshgan. Bir necha kun oldin palata saytida bu mavzuda batafsil tahliliy material ham e’lon qilingan.
AHK Russland rahbarining so‘zlariga ko‘ra, neft narxi bir barrel uchun 100 dollar atrofida saqlanib qolsa, Rossiya yiliga 71,8 mlrd dollarga (62,1 mlrd yevro) teng qo‘shimcha o‘sishga umid qilishi mumkin. Iyun oyida yetkazib berish uchun Brent xom nefti narxi hozir bir barrel uchun 111 dollardan oshib ketgan, bu esa AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldingi narxdan qariyb 40 dollarga yuqori. Ayni paytda Rossiya budjetiga bor-yo‘g‘i bir barrel uchun 59 dollarlik narx kiritilgan va olinadigan bu qo‘shimcha foyda, ehtimol, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi moliyalashtirilishiga yo‘naltiriladi. 2026 yil fevral oyidayoq RF davlat budjeti rejalashtirilganidan past neft narxi sabab taqchillikni ko‘rsatgan edi.
Dpa qayd etishicha, “Moskvada ayrimlar” neftning bir barreli 200 dollar bo‘lishidan ham umid qilmoqda — bu holda, AHK Russland ma’lumotiga ko‘ra, foyda miqdori 350,4 mlrd AQSh dollariga yetadi, bu esa RF budjeti rejasidagidan 247 mlrd dollarga ko‘pdir. Palata shuningdek, narxlar o‘sishi Germaniya uchun nimani anglatishini ham hisoblab chiqqan.
“Gaz bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar bilan birga Germaniya sanoati narx shoki xavfiga duch keladi, bu esa 2026 yilda kutilgan iqtisodiy tiklanishni yo‘qqa chiqaradi”, — deya prognoz qildi palata eksperti Tomas Bayyer. Uning aniqlashtirishicha, bunday ssenariyda Rossiya o‘g‘itlar sotuvidan ham qo‘shimcha 8,9 mlrd yevro daromad olishi mumkin.
AQSh Moliya vazirligi avval e’lon qilgan tahlil Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi bahosidan to‘liq farq qiladi. AQSh moliya vaziri Skott Bessent 22 mart kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida, 28 fevralda boshlangan Erondagi urush fonida Rossiyaning neft savdosidan oladigan maksimal qo‘shimcha daromadi bor-yo‘g‘i 2 mlrd dollargacha bo‘lishini aytgan edi. AHK Russland ma’lumotiga ko‘ra, faqat o‘tgan oyning o‘zidayoq bu summa Vashington prognoziga nisbatan besh baravarga oshib ketgan.
AQSh 11 aprelgacha 12 martga qadar kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlari savdosini sanksiyalardan chiqarib qo‘ydi. Bessent so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Tramp bu qarorni “jahon energetika bozorlarida barqarorlikni ta’minlash va Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab narxlarni past saqlab qolish” uchun qabul qilgan. Shu bilan birga, 11 mart kuni “Katta yettilik” mamlakatlari Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olganini ma’lum qilgan edi.