Iqtisodiyot
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining blokadasi jahon YaIMni 2,9 foizga pasaytirishi mumkin
Dallas federal zaxira banki Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq muddatga yopilishi ssenariylarini modellashtirdi. Mutaxassislar tasalli bermaydigan xulosalarga keldi: jahon yalpi ichki mahsuloti qariyb 3 foiz bandiga qulashi mumkin.
Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozining blokadasi iyun oyi oxirigacha davom etsa, jahon iqtisodiy o‘sishi ikkinchi chorakda yillik hisobda 2,9 foiz bandiga pasayadi. Bu haqda 20 mart, juma kuni Bloomberg agentligi Dallas federal zaxira banki hisob-kitoblariga tayanib xabar berdi. Bo‘g‘oz 28 fevraldan — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon xalqaro kema qatnovi uchun amalda yopiq holatda. WTI rusumli Texas neftining bir barreli narxi allaqachon 97 dollardan oshib ketgan.
Dallas federal zaxira banki tadqiqotchilari blokadaning davomiyligiga qarab bir nechta ssenariyni modellashtirgan. Agar kema qatnovi bir chorakdan keyin qayta tiklansa, neft narxi bir barrel uchun 68 dollargacha arzonlashadi, YaIM o‘sish sur’ati esa 2,2 foiz bandiga oshadi. Agar blokada ikki chorak davom etsa, uchinchi chorakda neft narxi 115 dollargacha ko‘tariladi, shundan keyin yil oxiriga borib 76 dollargacha orqaga chekinadi. Agar bo‘g‘oz uch chorak davomida yopiq qolsa, yil oxiriga borib bir barrel neft narxi 132 dollargacha yetishi mumkin.
Bloomberg ta’kidlashicha, iqtisodiyotga faqat neft narxining o‘sishi emas, balki uning iste’mol talabi uchun oqibatlari ham bosim o‘tkazmoqda. Amerika aholisi yonilg‘i qimmatlashayotgani sababli boshqa toifalardagi xarajatlarini qisqartira boshlagan — safarlar kamaymoqda va bir necha sent tejash uchun yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar paydo bo‘lmoqda. AQShda dizel yonilg‘isining bir galloni o‘rtacha narxi tarixda ilk bor 5 dollardan oshib ketdi. Bu esa butun milliy iqtisodiyot uchun sezilarli, chunki dizel deyarli barcha tarmoqlarda ishlatiladi.
Shu bilan birga, Eronning “soya flot”i Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishda davom etmoqda, holbuki boshqa davlatlar uchun bu yo‘lak bo‘ylab kema qatnovi amalda bloklangan. TankerTrackers va Kpler kema kuzatuv servislari ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Eron kuniga taxminan 1,1 milliondan 1,5 million barrelgacha neft eksport qilgan.