Sport

Holandda yana bir rekord, «Barsa» g‘alaba bilan boshladi. Kun o‘yinlari

Published

on


«Galatasaroy» 5 ta, «Qayrat» 4 ta gol o‘tkazdi, Husanov g‘alabali o‘yinda to‘liq o‘ynadi. Chorshanba oqshomida birinchi tur doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

«Manchester Siti» – «Napoli» 2:0

Gollar: Holand, 56 (1:0). Doku, 65 (2:0)

«Manchester Siti»: Donnarumma, O`Rayli, Gvardiol (Ake, 80), Ruben Diash, Husanov, Rodri (Gonsales, 60), Doku (Savio, 69), Foden, Reynders (Lyuis, 80), Bernardu Silva, Holand (Bobb, 80)

«Napoli»: Milinkovich-Savich, Spinatssola, Buondjorno, Bekema, Di Lorenso, Lobotka (Gilmor, 71), Maktominay, De Bryuyne (Olivera, 26), Zambo Angissa (Elmas, 71), Politano (Juan Jyezus, 55), Hoylund (Neres, 71)

Ogohlantirish: Politano, 52

Chetlatish: Di Lorenso, 21

YeChLning 1-turida Manchesterga Italiyaning eng britancha jamoasi tashrif buyurdi. De Bryuyneni alohida tanishtirish shart emas, Kevin – «Siti» afsonalaridan biri. Shuningdek, «Napoli» safida «MYu»ning sobiq futbolchilari Maktominay va Hoylund o‘ynaydi. Ularning uchalasi ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishdi.

Lekin Kevinning «Manchester Siti»ga qarshi ilk uchrashuvi o‘zi istaganidek kechmadi. «Napoli» 21-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qoldi – jamoa sardori Jovanni Di Lorenso qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Bu esa Antonio Konteni de Bryuyneni maydondan olib, uning o‘rniga himoyachi Matias Oliverani tushirishga majbur qildi.

Shundan keyin «Napoli» chuqur himoyaga yotdi, «Siti» mehmonlar jarima maydonini qamal qildi. Italyanlar 56-daqiqagacha chidab turishdi, keyin esa Erling Holand o‘zini ko‘rsatdi. Norvegiyalik hujumchi boshda yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi – bu ushbu forvardning Chempionlar ligasida 49 uchrashuvdagi 50-goli bo‘ldi. Turnir tarixida hech kim 50 gollik dovonga bu qadar tez yetib kelmagan. Taqqoslash uchun, «Arsenal» afsonasi Tiyerri Anri YeChLda 50-golini 112 o‘yinda urgan.

To‘qqiz daqiqa o‘tib Jyeremi Doku «Napoli» himoyachilarining boshini aylantirib tashladi va jamoasining hisobdagi ustunligini oshirdi. Shundan keyin hafta oxirida APL doirasida «Arsenal»ga qarshi o‘ynaydigan «Siti» tejamkor rejimga o‘tdi va natijani saqlab qoldi.

Shu kuni Abduqodir Husanov yana o‘ng qanot himoyasida tushdi va murabbiy ishonchini oqladi.

 

«Nyukasl» – «Barselona» 1:2

Gollar: Reshford, 58 (0:1). Reshford, 67 (0:2). Gordon, 90 (1:2)

«Nyukasl»: Poup, Livramento, Bern, Sher (A. Myorfi, 63), Trippiyer (Botman, 76), Joelinton (J. Myorfi, 63), Tonali, Gimarayns, Barns (Voltemade, 63), Gordon, Elanga (Uillok, 63)

«Barselona»: X. Garsiya, Martin (E. Garsiya, 81), Kubarsi (Kristensen, 69), Arauxo, Kunde, Pedri, de Yong, Reshford (Olmo, 81), Fermin Lopes (Kasado, 90), Rafinya, Levandovski (Torres, 69)

Ogohlantirishlar: Joelinton, 29. Byorn, 45 – Martin, 45. Fermin Lopes, 75. de Yong, 82. Kasado, 90

Angliyadagi o‘yinning birinchi bo‘limi golsiz yakunlandi, tanaffusdan keyin esa o‘yin ancha quvnoq kechdi. Markus Reshford vatanidagi o‘yinda o‘zini ko‘rsatib, to‘qqiz daqiqa ichida ikki gol urdi. Ayniqsa ikkinchi gol chiroyli chiqdi — olis masofadan yo‘llangan to‘p chiroyli trayektoriya bo‘yicha harakatlanib, darvoza to‘riga borib tushdi. Qayd etish kerakki, bu Reshfordning joriy mavsumdagi ilk gollari bo‘ldi. U Ispaniya chempionatidagi to‘rt o‘yinda bitta ham gol urmagandi.

Kataloniyaliklar xotirjamlik bilan ikki to‘p farqini saqlab qolish uchun o‘ynay boshladi, ammo «Nyukasl» 90-daqiqada intrigani qaytardi. Entoni Gordon hisobdagi farqni qisqartirdi va «Barselona» muxlislari so‘nggi daqiqalarni hayajon bilan kuzatishga majbur bo‘lishdi, ammo yakunda hisob o‘zgarmay qoldi.

«Ayntraxt» F – «Galatasaroy» 5:1

Gollar: Yunus Oqkun, 8 (0:1). Sanches, 37 – avtogol (1:1). Uzun, 45 (2:1). Burkardt, 45 (3:1). Burkardt, 66 (4:1). Knauff, 75 (5:1)

«Ayntraxt» F: Tsetterer, Braun, Teat, Kox (Amenda, 79), Kollinz, Shaibi, Larsson (Sxiri, 79), Knauff, Uzun (Baoyya, 71), Doan (Batshuayi, 84), Burkardt (Vaxi, 71)

«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Eren Elmali (Yakobs, 66), Sanches, Singo, Sholloi, Torreyra, Lemina (Ikardi, 55), Barish Yilmaz, Gundo‘g‘an (Sara, 66), Sane (Kutuju, 66), Yunus Oqkun (Kaan Oyxon, 77)

Ogohlantirish: Burkardt, 5

«Galatasaroy» Frankfurtdagi o‘yinni sof markaziy hujumchisiz boshladi. Osimxen jarohatlangan, o‘tgan mavsumda xochsimon bog‘lamlarini sindirib olgan Ikardi esa olti oylik tanaffusdan keyin endigina individual mashg‘ulotlarga qaytgan. Lekin «sherlar» bunga ko‘nikib qolgan. Bu mavsumda vinger Barish Yilmaz hujum markazida tushmoqda. Bu safargi o‘yinda esa jamoa bosh murabbiyi Okan Buruk bu pozitsiyani Yunus Oqkunga ishondi va xato qilmadi. O‘yinning 8-daqiqasidayoq aynan u Sanedan pas qabul qilib oldi va bir harakat bilan himoyachini yo‘ldan olib, to‘pni chiroyli zarba bilan olis burchakka yo‘naltirdi.

Ssenariy «Galatasaroy» uchun ideal tarzda davom etishi mumkin edi, ammo Barish darvozagaa bir necha metr masofada turib, to‘pni yuqoriga tepib yuborib, barchasini yo‘qqa chiqardi. Uning Turkiya milliy jamoasidagi sherigi Jan Uzun esa vaziyatni qadrlash kerakligi bo‘yicha unga saboq berdi. Sanchesning avtogoli ortidan u qanotdan uzatmani bir harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirib, ikkinchi harakatda «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olish orqali «burgutlar»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Bir daqiqa o‘tmasdan mehmonlar standart vaziyatda uchinchi golni o‘tkazib yuborishdi. Tanaffusdan keyin esa mezbonlar raqibni uzil-kesil taslim etishdi – 5:1. Jonatan Burkardt ajoyib o‘yin o‘tkazdi – ikki gol va golli pas. «Ayntraxt» oxirgi bor 1960 yilda yevrokubok o‘yinida besh gol urgandi – «Seltik» darvozasiga. «Galatasaroy»ning bir yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytishi esa juda ayanchli boshlandi.

«Kopenhagen» – «Bayyer» 2:2

Gollar: Larsson, 9 (1:0). Grimaldo, 82 (1:1). Robert, 87 (2:1). Xatzidiakos, 90 – avtogol (2:2)

«Kopenhagen»: Kotarski, Lopes, Xatzidiakos, Gabriel Pereyra, Ueskas, Ashuri (Robert, 79), Lerager, Dileyni (Madsen, 55), Larsson (Zage, 79), Mukoko (Klasson, 69), Al-Yunussi

«Bayyer»: Flekken, Tapsoba, Bade (Echeverri, 67), Kuansa, Grimaldo, Fernandes (Garsiya, 51), Andrix (Kofane, 88), Vaskes, Tillman (Maza, 51), Ben Segir (Poku, 67), Shik

Ogohlantirishlar: Lopes, 33. Xatzidiakos, 44. Dileyni, 53 – Vaskes, 62. Tapsoba, 89

Erik ten Hagni ishdan bo‘shatgach, «Bayyer» Daniya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Kasper Yulmannga ishonch bildirdi. Lekin 53 yoshli mutaxassisning Germaniyaga oldingi kelishi muvaffaqiyatli chiqmagandi. 2014/15 yillar mavsumi oldidan u «Mayns» boshqaruvini qo‘lga olgan, ammo bu lavozimda faqat yarim yil ishlab, qoniqarsiz natijalar tufayli qishda iste’foga chiqarilgandi. Bu safar nima bilan yakunlanishini taxmin qilish qiyin, ammo Yulmanning Leverkuzendagi debyuti yorqin kechdi — mavsumni qatorasiga ikki ishonchli g‘alaba bilan boshlagan «Ayntraxt» mag‘lub etildi (3:1), holbuki o‘yin davomida «aspirinchilar»ning ikki futbolchisi maydondan chetlatilgandi.

«Bayyer» YeChL o‘yinida ham xarakter ko‘rsatib, ikki bor hisobni tenglashtirdi. «Kopenhagen» tezkor gol urib, o‘yin oxirlariga qadar hisobdagi ustunlikni saqlab turandi. Ammo mehmonlar yetakchisi, Alonsoning chempionlik tarkibidan qolgan Grimaldo yana bir bor jarima zarbasini aniq ijro etib, hisobni tenglashtirdi. Daniyaliklar yana bir bor hisobda oldinga chiqib olganida esa Echeverri uyushtirgan hujum Hatsidiakos o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi bilan yakunlandi.

«Sporting» – «Qayrat» 4:1

Gollar: Trinkan, 44 (1:0). Trinkan, 65 (2:0). Santos, 67 (3:0). Kenda, 68 (4:0). Edmilson, 86 (4:1)

Aniq ijro etilmagan penalti: Yulmann, 21’

«Sporting»: Virjiniya, Arauxo (Mateus Reys, 66), Gonsalu Inasiu, Kuarejma, Fresneda, Kochorashvili (Morita, 61), Yulmann (Debast, 70), Gonsalvesh (Santos, 61), Trinkan, Kenda, Suares (Ioannidis, 61)

«Qayrat»: Kalmurza, Luish Mata (Kurgin, 81), Sorokin, Martynovich, Tapalov (Stanoyev, 70), Arad (Edmilson, 70), Kasabulat (Sadybekov, 75), Gromiko, Jorjinio, Mrinskiy (Rikardinio, 81), Satpayev

Ogohlantirishlar: Kochorashvili, 4. Suares, 31. Kenda, 69. Debast, 79 – Jorjinio, 39. Satpayev, 90

1-turda MDHning turnirdagi ikki vakilidan biri «Qorabog‘» Portugaliyada sensatsiya qayd etib, «Benfika»ga qarshi o‘yinda 0:2 hisobini 3:2 ga aylantira olgandi. «Qayrat» esa faqat bir bo‘lim chidab berdi. Qozog‘iston jamoasi o‘yinni uchinchi darvozabon bilan boshladi — 18 yoshli Sherxon Xolmirza shunday darajadagi o‘yinda darvozani qo‘riqlashiga to‘g‘ri keldi. Va ushbu yigitcha birinchi bo‘limda juda yaxshi harakat qildi. 21-daqiqada u Morten Yulmanning 11 metrdan yo‘llagan zarbasini oyoqlari bilan qaytarib qoldi va YeChLda Mile Svilardan keyin penalti qaytargan eng yosh ikkinchi darvozabonga aylandi.

Ammo «Qayrat» tanaffus arafasida baribir gol o‘tkazib yubordi. Ikkinchi bo‘lim esa yanada og‘irroq kechdi. Fransisku Trinkan dublni rasmiylashtirdi, Jyeovani Kenda ham «gol+pas» bo‘yicha 2 (1+1) ochko to‘pladi. O‘yin taqdiri hal qilib bo‘linganida Edmilson «Qayrat»ning Chempionlar ligasi asosiy bosqichidagi ilk goli muallifiga aylandi. Uning goli 86-daqiqada urildi, bu vaqtga kelib qozog‘istonliklar to‘rt to‘p farqi bilan ortda borayotgandi.

«Bryugge» – «Monako» 4:1

Gollar: Tresoldi, 32 (1:0). Onedika, 39 (2:0). Vanaken, 43 (3:0). Dyakon, 75 (4:0). Fati, 90 (4:1)

Aniq ijro etilmagan penalti: Akliush, 10’

«Bryugge»: Minole (Yakkers, 19), Meyyer (Seys, 61), Mele, Ordones (Spilers, 81), Sabbe, Stankovich, Onedika (Audor, 81), Vanaken, Tzolis, Tresoldi, Borjyesh (Dyakon, 61)

«Monako»: Ken, Kayyu Enrike (Kerer, 46), Mavissa (Uttara, 78), Dayyer, Vanderson, Minamino, Kamara, Bamba (Kulibali, 46), Akliush, Balogun (Fati, 63), Biret (Ilenixenya, 63)

Ogohlantirishlar: Minole, 11. Vanaken, 67 – Mavissa, 42. Kulibali, 72

Avvaliga barchasi monegaskliklar uchun juda yaxshi boshlangandi — mehmonlar 10-daqiqadayoq penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Ammo Magnes Akliush «nuqta»dan 37 yoshli Simon Minoleni alday olmadi. Belgiyalik posbon esa 9 daqiqa o‘tib maydonni tark etdi — navbatdagi jarohat.

Keyin esa o‘yin borishi butkul o‘zgarib ketdi — «Bryugge» 11 daqiqa ichida uchta gol urdi. 33 yoshli Hans Vanaken avvaliga Nikolo Trezoldiga assistentlik qildi, keyin esa o‘zi raqiblarni ranjitdi. «Monako» bunday zarbadan o‘ziga kela olmadi, ikkinchi bo‘limda esa yana bir gol o‘tkazib yubordi. Faqat o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar boshlanganida Ansu Fati o‘z nomini tabloga yozdirib, hisobni biroz qisqartirdi. «Bryugge» o‘tgan mavsumda kutilmaganda 1/8 finalgacha borgandi. Ularning bu safargi yurishini kuzatish ham qiziq bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version