Jamiyat

Hokim yordamchisi va advokat 2500 dollar bilan ushlandi

Published

on


Samarqand viloyati Urgut tumanida tuman tibbiyot birlashmasida aniqlangan 61 mln so‘mlik kamomad ishida hokim yordamchisi va mahalliy advokat tezkor tadbirda 2500 AQSh dollarini qabul qilayotganda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik va pora olish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand viloyati Urgut tuman tibbiyot birlashmasi faoliyatida 61 mln so‘mlik kamomad aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu jarayonda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biri huzurida faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi ish bo‘yicha gumon qilinuvchilardan biri manfaatida masalani “ijobiy hal etish” evaziga 2500 dollar talab qilgan va olgan paytida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Tezkor tadbir davomida ushbu pullar mahalliy advokatlik byurosi advokatiga topshirilishi rejalashtirilgani aniqlanib, kuzatuv davom ettirildi. Natijada advokat ham 2500 dollarni qabul qilayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, advokat mansabdor tanishlari orqali ishning gumonlanuvchiga taalluqli qismini Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi tartibida tugatib berishni va’da qilgan.

Hozirda hokim yordamchisi va advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28,211-moddalari (pora olish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hokim yordamchisi avvalroq JK 167-moddasi, advokat esa JK 168-moddasi bo‘yicha sudlangan bo‘lgan. Tergov manfaatlaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version