Jamiyat

“Hojatxona izlab, transformatorga kirib qolgan” – Mingbuloqda tok urgan bola qo‘llaridan ayrildi

Published

on


Namanganda 4 yoshli bola ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib, ikki qo‘lidan ayrildi. Bolaning otasi baxtsiz hodisaga aloqador bo‘lgan Mingbuloq tumani elektr ta’minoti korxonasi javobgarlikni bo‘yniga olmayotganini aytmoqda. Kun.uz’ning aniqlashicha, mas’ul usta jinoiy jazoga tortilgan.

Jamashuydagi baxtsiz hodisa

Mingbuloq tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi 4 yoshli Jamshidbek Xolmatov ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformator punktiga kirib qolishi oqibatida tok urib, qo‘llaridan ayrildi. Holat 2025 yil 11 noyabr kuni Jamashuy shaharchasida sodir bo‘lgan.


videodan kadr

“Aybdorlar yordam bermadi”

Kun.uz muxbiri bolaning otasi Jumanazar Xolmatov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, aybdorlar unga yordam bermagan.

“2022 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim eshigi ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli TPga bilmay kirib qolib, tokni ushlab olgan.

Bolamni u yerdan ko‘tarib olib chiqib, qishloqdagi kasalxonaga olib bordim. Undan keyin shahardagi shifoxonalarga qaratdik. Qo‘lini ko‘ramiz, mutaxassislarni chaqiramiz, deyishdi. Yana 4-5 kun kutdik. Operatsiya qilib ko‘rdik, yuqori kuchlanish tok payigacha uzib tashlagan ekan. Keyin noiloj o‘g‘lim ikki qo‘lidan ayrildi.

Aybdorlar qonuniy jazoga tortilishini talab qilaman. Yordam bermagani uchun bor holatni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarishga majbur bo‘ldim”, deydi Jumanazar Xolmatov.

“Barcha yordamni ko‘rsatdik”

Kun.uz holat yuzasidan Mingbuloq tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Bobur G‘ulomqodirov bilan ham bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, bola hojatxona izlab TP ichiga kirgan:

“Mashina ichida otasi bilan o‘tirgan bolaning hojatga chiqqisi kelib qolgan. Hojatxona topa olmay, eshigi ochiq qoldirilgan TP eshigini ochib, ichiga kirganida uni tok urgan. Bu paytda bolaning otasi mashinada bo‘lgan.

Odatda yuqori kuchlanishli transformatorlarning barchasida qulflari bo‘ladi. Lekin ba’zida svet o‘chib qoladi, boshqa bo‘ladi. Ularga bir martalik, bir xil tipdagi qulflar qo‘yiladi. O‘sha qulflarni kimlardir o‘zboshimchalik bilan ochib, ochiq holatda tashlab ketgan bo‘lgan.

Bolaning dorisiga, ro‘zg‘origa yordam qildik. Hozirgi kungacha tuman elektr tarmoqlari korxonasining o‘zidan 60 mln so‘m yordam qilindi. Hokimiyat ham 50 mln so‘m yordam qildi”, deydi u.

Usta jinoiy jazoga tortilgan

Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Mingbuloq tumani prokuraturasi, viloyat Energo-inspeksiyasi va Mehnat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan surishtiruv harakatlari o‘tkazilgan. Yakunga ko‘ra, usta I.S.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud hukmi bilan unga oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga undirgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, u lavozimidan ozod qilingan.

Bu birinchisi emas

Transformator punktlarida bolalarni tok urish holatlari uchrab turadi. Masalan, bundan 3 yil avval Navoiyda xuddi shunday holat sodir bo‘lgandi. O‘shanda 6 yoshli bolakay bolalar maydonchasiga yonma-yon joylashtirilgan, xavfsizligi ta’minlanmagan transformator eshigini ochib ko‘rishi oqibatida tok urib, ikki qo‘lidan ayrilgandi.

Yaqinda Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida kuzatilgan holatda esa 6 yoshli tarbiyalanuvchi transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version