Jamiyat
“Hayvondan yuqadi, tashqi muhitga chidamsiz”
SanEpid qo‘mitaga ko‘ra, hantavirusning O‘zbekistonga kirib kelish xavfi past. Virus 20 xil shtammga ega va ulardan bir xili hayvondan odamga yuqadi. Yuqish tezligi ham koronavirus kabi emas, havo-tomchi yo‘li bilan yuqmaydi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi ekspertiga ko‘ra, aholining vahima ko‘tarishiga hojat yo‘q.
Dunyo sog‘liqni saqlash tizimini yana bir xavfli virus -hantavirus tashvishga solmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu virus asosan kemiruvchilar, ularning najasi orqali yuqadi. Ayniqsa, sichqon va kalamushlar bor joyda ehtiyot bo‘lish talab etilmoqda.
Atlantika okeanidagi kruiz laynerida tarqagan hantavirusni yuqtirganlarga Ispaniya portidan kecha o‘z uylariga javob berildi. Avvaliga virus aniqlangan kemani qabul qilishdan bosh tortishgan. So‘ngra Ispaniya hukumati kemani Tenerife porti orqali qabul qilgan. U yerda jami to‘qqiz kishida virus aniqlangan. Uch kishi vafot etgani tasdiqlangan. Rasmiylarga ko‘ra, uyiga javob berilganlarda o‘tkazilgan test natijalari ijobiy chiqmoqda.
Buyuk Britaniyada 20 kishi hantavirus taxmini bilan 72 soatlik karantinga olingan. Ular uylariga qaytganidan keyin ham 42 kun davomida izolyatsiyada bo‘lishlari talab etiladi.
AQShdan bo‘lgan 18 nafar yo‘lovchi esa davlatiga yetib borgach, kuchli tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Biroq amerikalik rasmiylar virusning jamoatchilik uchun xavfini past baholamoqda.
Niderlandiyada esa hantavirusga taxmin qilinganlar olti hafta davomida izolyatsiya qilinishi belgilandi.
Kruiz laynerida bo‘lgan 14 nafar Ispaniya fuqarolari Madriddagi harbiy gospitalda majburiy karantinda saqlanmoqda. Ulardan bittasida allaqachon hantavirus aniqlangan.
Fransiyada ham birinchi holat aniqlandi. Ushbu shaxs bilan esa 22 ta kontakt holatlari aniqlangan.
Germaniyada esa to‘rt kishi Frankfurtdagi kasalxonada karantinda saqlanmoqda. Federal sog‘liqni saqlash vazirligi ulardagi alomatlar doimiy kuzatib borilayotganini ma’lum qilgan.
Xo‘sh, hantavirus bo‘yicha O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat qanchalik barqaror? Kun.uz bilan suhbatlashgan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi eksperti Zulfiya G‘iyosovaga ko‘ra, yurtdoshlarimizning vahima ko‘tarishiga hojat yo‘q.
”Faqatgina Andes turi insonlarda kamdan kam holatlarda, demak, kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda ham asosiy kasallik manbayi bo‘lib kemiruvchilar, ya’ni o‘sha kemiruvchilar bilan bevosita muloqot vaqtida, ulardan ajralib chiqayotgan biologik ajralmalar, ya’ni bular o‘sha hayvonlarning najasi, peshobi va so‘lagi orqali, agar bevosita kontaktda bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha paytda bu kasallikni yuqtirib olish ehtimoli mavjud”, – deydi u.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, kasallik havo-tomchi yo‘li orqali yuqmaydi. Hantavirusdan COVID-19 dan qo‘rqqandek tashvishga tushishga hojat yo‘q.
“Bizda bu kasallik shu kungacha ro‘yxatga olinmagan. O‘zbekiston aholisi uchun bu juda katta xavf tug‘dirmaydi. Shuning uchun endi men o‘sha Amerika davlatini misol qilib oladigan bo‘lsam, Amerika va Yevropa davlatlarida ko‘proq ro‘yxatga olinadi. Faqatgina shu Andes shtammi hayvonlardan insonlarga yuqib, kasallik keltirib chiqaradi”, – deydi Zulfiya G‘iyosova.
Pandemiyadan keyingi davr bo‘lgani bois odamlarda yana karantin bo‘lishidan qo‘rquv va xavotirlar bor, bu tabiiy. Virusologga ko‘ra, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va SanEpid qo‘mitasi potensial xavflarga allaqachon tayyor bo‘lib turibdi.
”Bu virus tashqi muhitga chidamsiz. Ya’ni 60 gradusli haroratda tezda nobud bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘sha dezinfeksiyalovchi vositalar, xlorli vositalar, 70 foizlik spirt eritmasida tezda yo‘qolib ketadi. Demak, bundan qo‘rqmay aytib olishimiz mumkinki, agar infeksiya tashqaridan kelgan taqdirda ham, bu yerda hech qanaqa epidemik avj olishlar yoki pandemik holatlarni yuzaga keltirmaydi”, deydi mutaxassis.