Iqtisodiyot

Har sakkizinchi kilovatt tok energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda — Energetika vazirligi

Published

on


O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda, bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bilan bir qatorda, energiya saqlash tizimlari (BESS) ham joriy etilmoqda.


Infografika: Energetika vazirligi

Xabarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh hamda 1652 MVt bo‘lgan 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Joriy yil boshidan buyon ushbu stansiyalar tomonidan 4 milliard kVt·soatdan ortiq “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortib borishi energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishni ham taqozo etadi. Chunki quyosh elektr stansiyalari kunduzgi vaqtda, shamol elektr stansiyalari esa tabiiy sharoitga bog‘liq ravishda elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energiya saqlash tizimlari ortiqcha energiyani jamg‘arib, iste’mol eng yuqori bo‘ladigan soatlarda tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

2024-yilda O‘zbekistonda ilk bor Farg‘ona va Andijon viloyatlarida har birining quvvati 150 MVtdan bo‘lgan 2 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilib, ularning umumiy quvvati 300 MVtni, energiya sig‘imi esa 600 MVt·soatni tashkil etdi. 2025-yilda esa yana 1245 MVt quvvat va 1600 MVt·soat energiya sig‘imiga ega yangi energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilgan. Natijada bugungi kunga kelib respublika energetika tizimida umumiy quvvati 1545 MVt, energiya sig‘imi esa 2600 MVt·soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlari faoliyat yuritmoqda.

Energiya saqlash tizimlarining o‘rnatilgan quvvati bugungi kunda mamlakat energetika tizimining kechki maksimal yuklamasining 13,5 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Boshqacha aytganda, kechki eng yuqori iste’mol soatlarida foydalaniladigan har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi avvaldan jamg‘arilgan energiya hisobidan qoplanishi mumkin.

Yil yakuniga qadar mamlakatimizda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan. 2030-yilga borib energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi maqsadlariga erishish va energetika xavfsizligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version