Jamiyat

Har bir hokimga bittadan mahallani obodonlashtirish vazifasi yuklatildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarda obodonlashtirish ishlarini umummilliy harakatga aylantirish va eng namunali mahallalarni soliq imtiyozlari bilan rag‘batlantirishni taklif etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani olib, bir oy davomida ozodalik va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etadi.

Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi. Hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois, yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.

Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz beriladi.

Yaxshi tajriba yaratgan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatiladi. Mahallalardagi ilg‘or tajribalarni keng yoritish zarurligi ham qayd etildi.

Hududlarda temir yo‘l atrofini obodonlashtirish ishlari boshlangan. Birgina Toshkent – Xiva yo‘nalishidagi temir yo‘l bo‘yida 285 ta mahalla bor, ushbu yo‘nalish 45 ta tumandan o‘tadi.

Qolgan viloyat hokimlariga ham bir haftada hududidan o‘tgan magistral yo‘llar va temir yo‘l bo‘ylari, ular atrofidagi uy-joy va tijorat obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Ikki haftada ushbu hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqib, amaliy natijaga erishish topshirildi.

“Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak”, dedi prezident.

Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.

Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasi misolida samarali tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda Axborot va xizmat markazi tashkil etilib, 8 ta olis mahalla aholisi uchun bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning “aqlli qishloq” tajribasi asosida shunday markaz tashkil etilmoqda.

Yil yakunigacha Norin va Xovos tajribalarini Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirildi. Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “aqlli mahalla” tajribasi esa har bir viloyatning 10 tadan mahallasida tatbiq qilinadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version