Jamiyat
Guvohnomasi yo‘q ikki yigitchaning poygasi o‘limlar bilan tugadi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 17 va 20 yoshli yigitlar – ular o‘zaro tanish va ikkalasining ham haydovchilik guvohnomasi yo‘q – Damas va Nexia avtomobillarida tungi vaqtda poyga o‘ynab, avtohalokatga uchradi. Oqibatda ikki kishi: o‘smir yigit va narigi mashinadagi bir yo‘lovchi halok bo‘ldi.
YHXX e’lon qilgan reportajdan kadr
Voqea 28 may soat 23:50 larda tumanning Chaqar mahallasi hududida ro‘y bergan.
IIV YHXX xabariga ko‘ra, Damas’ni 2009 yilda tug‘ilgan, hali haydovchilik yoshiga yetmagan yigit boshqargan. Avtomobilda undan tashqari yana 4 nafar tengqurlari ham bo‘lgan.
Nexia rulidagi shaxs esa ularning tanishi – 2006 yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q erkak bo‘lgan.
Ikkala mashina kimo‘zarga o‘ynab, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan paytda halokatga uchragan. Oqibatda Damas’ning 17 yashar haydovchisi va Nexia’dagi yo‘lovchi vafot etgan. Qolganlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
YHXX reportajidan ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Nexia haydovchisi guvohnomasi bo‘lmasa-da, avvaldan avtomobil haydab yurgan, mahalla ahlining bundan xabari bo‘lgan.
“Farzand tarbiyasida umuman rahm qilmaslik kerak ekan-da, otib tashlasa ham… Kalit joyida bo‘lmaganda minib keta olmasdi”, – degan haydovchilardan birining otasi.
Ichki ishlar organlari hodisa yuzasidan mahallada jamoatchilik muhokamasini tashkil etgan.
“Ikkita-uchtadan o‘g‘il hammada bor, lekin biz [mashinani] bolalarimizga bermaymiz. Pravasi bor haydaydi! Shuning uchun ota-onalarga jarimani bosish kerak, komandir”, – degan keksalardan biri.
Rasmiy reportajda voqeaga mahalla-ko‘y va yoshi kattalarning befarqligi, jamoatchilik nazoratining sustligi va ta’siri yo‘qligi sabab bo‘lgani ta’kidlangan.